Tahsil olgan dargohni deb
“Bir kun tuz totgan joyga qirq kun salom” degan ibora xalqimizda azaldan mavjud. Bu yashagan, ta’lim olgan maskanga hurmat va ehtirom belgisi demakdir. Bundan qirq yil oldin ushbu ta’lim muassasamizning “Gidromeliorasiya” fakultetini bitkazgan sobiq talabalar - kursdoshlarning uchrashuvi o’zgacha kechdi. To’g’ri ularning ko’rinishiga vaqt o’z hukmini o’tkazgan. Lekin o’zlari ta’lim olgan ta’lim dargohga va sobiq kursdoshlariga nisbatan mehri ustuvorligi yuz-ko’zlaridan shundoqqina sezilib turibdi. Institutga milliy universitet maqomi berilgani va kengqamrovli qurilishlar, zamonaviy laboratoriyalar, ta’lim tizimidagi turli ijobiy o’zgarishlarni ko’rib ularni yana bir bor qayta o’qigisi kelib qoldi-yov, adashmasam.
Hozirda turli lavozimlarda, mas’ul vazifalarda fidokorona ishlayotgan sobiq kursdoshlar vaqt topib universitetimiz dargohiga kelishdi. Ularni universitet rahbariyati, xususan birinchi prorektor Ruzimurat Choriyev iliq kutib oldi va rektorat zalida ular bilan suhbat o’tkazdi. Bugungi kunda universitetdagi zamonaviy ta’limga ixtisoslashgan auditoriyalar, texnik jihozlar bilan to’ldirilgan zamonaviy laboratoriyalar haqida va rektorat tarkibi, fakultetlar haqida mufassal ma’lumot berdi.
Ayni paytda ularning ta’lim olgan dargoh va ta’lim bergan ustozlari haqidagi taassurotlari ham tinglandi. Keyinchalik ular o’zlari o’qigan auditoriyalarni va yangi ochilgan Abdulla Oripov nomidagi muzeyni hamda “Yoshlar bog’i”ni havas bilan tomosha qilishdi. O’zlarining talabalik davridagi holatlari va sharoitlar birma - bir ko’z o’ngidan o’tgani aniq.
Ustoz san’atkor Komiljon Otaniyozovning Maxtumquli so’zi bilan aytiladigan “Ta’lim bergan ustozingdan ayrilma” nomli qo’shig’ini ichdan xirgoyi qilganlar ham bo’ldi, desak xato bo’lmaydi.
Rahimboy Jumaniyozov
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti
Matbuot xizmati rahbari