TIQXMMI yangiliklari

img
17.06.2022

Tabiat bilan tillasha olmaslik fojia

Tabiat bilan tillasha olgan jamiyatgina muvozanatni saqlay oladi, taraqqiy etadi. Atrof-muhitning tozaligidan tortib yerning, tuproqning quvvati masalasi muhim sanalarkan, cho’llanish va qurg’oqchilikka e’tibor qilish muhim muammolardan biridir. Shuning uchun ham 17 iyun – Butunjahon cho’llashish va qurg’oqchilikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan. Ushbu sana BMTning cho’llanishga qarshi kurashish Konvensiyasi bilan bog’liq bo’lib, 1994 yilda BMTning atrof muhitni muhofaza qilish konferensiyasida qabul qilingan. Cho’llanish va qurg’oqchilikka qarshi kurash kunining bu galgi shiori “Qurg’oqchilikni birgalikda yengamiz” deb nomlanadi. Bu bejiz emas. Zero, qurg’oqchilik keng miqyosda hosilni yo’qotish, o’rmon yong’inlari va suv yetishmasligi natijasida insoniyatga zarar yetkazish nuqtai nazaridan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanmoqda.

Bugun 2022 yil 17 iyun kuni soat 10:00 da «Toshkent irrigasiya va qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O’zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo’mitasi hamkorligida  xuddi shu sanaga bag’ishlangan davra suhbati  tashkil etildi.

Tadbirni universitetimiz prorektori, professor Sultonov Tohir Zokirovich olib bordi.  Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Xushvaqtov Islom Nortoshevich, Tirkasheva Muqaddas Bahromovna, Xodjayeva Mohira Mirzaahmadovna va Turg’unboy Xojanazarovlar ishtirok etib mavzu yuzasidan o’zaro fikr almashdilar. O’zbekiston uchun sahrolashuv va qurg’oqchilikka qarshi kurash masalalari barqaror rivojlanishni ta’minlashda ustuvor o’rin egallaydi. Bu borada izchil chora-tadbirlar va xalqaro loyihalar amaliyotga tatbiq etilayapdi. Xususan, yurtimizda 2017 yildan buyon CADI “Markaziy Osiyodagi cho’llar bo’yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur FAO tomonidan izchil olib borilyapti.

Tadbir ishtirok etgan talabalar uchun motivasion ruh baxsh etdi desak, mubolag’a bo’lmaydi.

Rahimboy Jumaniyozov,

"TIQXMMI" MTU Matbuot xizmati rahbari, dosent