TIQXMMI yangiliklari

img
03.02.2024

“Suvchilar maktabi”ning 2-bosqichiga start berildi

      O‘zbekistonning ikki “suv tomiri”dan biri – Sirdaryoning irmoqlari ko‘p. Shulardan biri – Chirchiq. Chirchiq suvni Chotqol va Pskom daryolaridan oladi. Pskom esa suvni G‘arbiy Tyan-Shanning eng go‘zal qismlaridan biridagi Paxtakor muzligidan olarkan (shu vaqtgacha bilmasdim). Ya’ni, Paxtakor muzligi – O‘zbekistonning asosiy suv manbalaridan biri. Ammo global isish sababli bu muzlik maydoni yildan yilga qisqarayotgan ekan.

Muzliklarning erishi, transchegaraviy daryolar suvlariga avvalgidan ko‘ra katta da’volar biz uchun suv masalasini yanada dolzarblashtiryapti. Busiz ham o‘zimiz suvni juda isrof qilishimiz, biroz tejamkorlik, ozgina aqlli yondashuv ham muammolarimizga ancha yechim bo‘lishi ko‘p aytilyapti. Ya’ni, hozirgi sharoitimizda suvni tejashdan boshqa choramiz yo‘q.

O‘zbekistonda suv eng ko‘p qanday, qayerda isrof qilinadi? Moshinani yuvish yo maysazorni sug‘orishda emas (moshina va maysazor uchun ichimlik suvi ishlatmaslik kerak baribir). Bizda suv eng ko‘p qishloq xo‘jaligida isrof bo‘ladi. Buning oldini olish uchun 2023-yil may oyida Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Agrobank hamkorligida Suvchilar maktabi tashkil etilgandi.

Birinchi bosqichda besh oy mobaynida (may-oktyabr oylarida) respublikamizning 155 ta tumanidan 61 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari rahbar va xodimlari qisqa muddatli kurslarda o‘qitildi.

Maktabni tashkil etishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlarini tajribalari o‘rganilib, ushbu davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Mazkur o‘quv jarayonlariga 50 nafardan ortiq ilmiy xodimlar, 20 nafar Turkiya, Ispaniya, Xitoylik ekspertlar jalb qilindi.

Ikkinchi bosqichda nazariy va amaliy bilimlar berib boriladi. Buning uchun Agrobank tomonidan Respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan tajriba maydonlari tashkil etildi.

O‘quv kurslari ikkinchi bosqichi 2024–2030-yillarda 60 ming nafar fermer xo‘jaliklari chuqurlashtirilgan holda o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, har yili 10 ming nafar fermerlarning amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan bo‘ladi.