Suv xo‘jaligi sohasining eng namunali fidoyi ayollari taqdirlandi
15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Suv xo‘jaligi vazirligida tadbir o‘tkazildi. Ma’lumki, 2007 yil 18 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida rasman e’lon qilingan bo‘lib, bugungi kunda mazkur sana dunyoning ko‘plab davlatlarida keng nishonlanib kelinmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 8,6 millionga yaqin xotin-qizlar qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ularning aksariyati qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida, tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik, tomorqa yer maydonidan samarali foydalanish yo‘nalishlarida fidokorona mehnat qilib kelishmoqda.
Xususan, respublikamizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerni suv bilan ta’minlash, suvning hisobini olib borish, tejash, sohaga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, suv inshootlarini masofadan turib boshqarishni joriy qilishda vazirlik va uning quyi tizimlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning munosib hissasi bor. Tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev jamiyatimizda suvchilarning obro‘-e’tibori yuksalayotgani natijasida xotin-qizlarning suv xo‘jaligi tizimida ishlashga bo‘lgan qiziqishi ortib, oxirgi yillarda sohada ayollarning ulushi ko‘payayotganligini, bunda tizimdagi har bir tashkilotda xotin-qizlarga imkon qadar yengilliklar berilayotgani, ular moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanayotgani ham alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. “Suv xo‘jaligi sohasining eng namunali fidoyi ayol xodimasi”ni aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tanlov o‘tkazildi. Tanlovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlaridan xotin-qizlar jalb etildi.
Tadbirda tanlov g‘oliblariga mukofotlar topshirildi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti xotin-qizlar kengashi raisi, prof. Z.Ismoilova, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i A.Mahmudova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani irrigatsiya bo‘limi texnik gidrotexnigi Q.Allabergenova, Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi Qo‘rg‘ontepa tuman uchastkasi boshlig‘i N. Mirzarahimova va boshqalar so‘zga chiqib, suv xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar, ular qo‘llab-quvvatlash haqida fikrlarini bildirdilar. 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan shu kabi tadbirlar suv xo‘jaligining barcha tizim tashkilotlarida o‘tkazilmoqda.
Universitet matbuot xizmati