Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish: suvni tejash va hosildorlikni oshirish garovidir
2021-yil 5-noyabr kuni “Agro Tomchi” korxonasining ta’sischi va loyihachisi Baxtiyorjon Shokirov boshchiligida Gidromelioratsiya fakultetining 4-bosqich “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” hamda “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishlari talabalari va “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori Sabirjan Isayev hamda guruh murabbiylari Dilbar Abduraimova, Sanobar Dusnazarova, Ruslan Razzoqovlar bilan birgalikda hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’ruza trening o‘tkazildi. Ma’ruza davomida talabalarga bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha olib borilayotgan islohatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shu bilan bir qatorda, ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarini bajarilishi bo‘yicha tanishtirib o‘tildi.Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019-yil
25-oktabrda “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-4499 sonli Qarori qabul qilindii. Unga ko‘ra: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2020-yilda
43825 gektar, jumladan, 38744 gektar tomchilatib sug‘orish, 1520 gektar yomg‘irlatib sug‘orish hamda 3560 gektar diskret (pulsar) sug‘orish tizimini joriy qilish belgilangan.
- Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat budjetidan jami 324,8 mlrd. so‘m, shundan 198,8 mlrd. so‘m paxta maydonlari uchun, mevali bog‘, issiqxona va boshqa ekinlar uchun 80 mlrd. so‘m, uzumzorlar uchun 40 mlrd. so‘m hamda ozuqa ekinlarini yetishtirishda qaziladigan tik quduqlar uchun 6 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
- Qarorga asosan 2020-yilda respublikamizda jami 49 499 gektar yoki rejaga nisbatan 113 foiz maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 43 040 gektar (111 foiz) tomchilatib, 2210 gektar (145 foiz) yomg‘irlatib va 4 249 gektar (119 foiz) diskret sug‘orish tizimi joriy qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 11-dekabrda «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4919 sonli Qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda Respublikada suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni 2020-yilga nisbatan 5 barobarga oshirish va 230 ming gektarga yetkazish, shuningdek, 200 ming gektar maydonda, shu jumladan, 43 ming gektar sholi maydonlarida lazerli uskunalar yordamida yerlarni tekislash belgilangan. Shundan:
- 160 ming gektar paxta, 30 ming gektar bog‘, 15 ming gektar uzumzor va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;
- 14 ming gektar donli, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish,
- 600 gektar paxta maydonlarida diskretli sug‘orish texnologiyalari joriy etish rejalashtirilgan.
Ma’ruza juda qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Axborot berdi: “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori S.Isayev