TIQXMMI yangiliklari

img
30.03.2022

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish – samaradorlik kafolati

Kuni kecha 29 mart kuni, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish samaradorligi va ularning zamonaviy usullari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda O‘zbekistonda suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar, suv resurslarini boshqarish va suvni tejaydigan innovatsion texnologiyalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishda texnologiyalar orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishda agrotexnik tadbirlar yuzasidan mutaxassis va olimlar maʼruzalari eshitildi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalar kabi suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor berilayotgani, tizimni yana-da takomillashtirishga qaratilgan Prezident va hukumatning farmon hamda qarorlari, davlat dasturlari qabul qilingan, ular ijrosini taʼminlash, tarmoqda islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar natijasida taraqqiyot ko‘lami tobora kengayib borayotgani taʼkidladi.

Shuningdek, suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud muammolar (suv tanqisligi va suv resurslariga taʼsir ko‘rsatuvchi omillar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi, suvga bo‘lgan talabning oshib borishi)ni aniqlash, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish oson kechmayotganligiga to‘xtaldi.

Shu kunga qadar suv xo‘jaligi sohasini tartibga soluvchi bir qancha qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va 2021 yil 6 apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yana-da takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni qabul qilingan.

Seminarda 2021 yilda sug‘orish ishlariga respublika bo‘yicha jami 37,4 mlrd m3 suv yetkazib berilib,  suv bilan 19,9 mln gektar, jumladan 6,9 mln gektar  g‘alla, 3,9 mln gektar paxta, 8,5 mln gektar takroriy va tomorqa maydonlari sug‘orish hamda 0,7 mln gektar maydonda sho‘r yuvish ishlari amalga oshirilganligi hamda mavsum davomida o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan jami 8,0 mlrd m3 suv tejalishiga erishilganligiga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning iqtisodiy samaradorligi va uning afzalliklari, bugungi kunda suvga bo‘lgan talabning ortishi, undagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.

Seminar yakunida Qo‘mitaning tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.