“Sudya va yoshlar” uchrashuvi – bo‘lg‘uvchi huquqshunos kadrlar uchun ulkan motivatsiya
Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan talabalar bilan turli soha vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish yoshlarning ertangi hayoti, ma’lum bir kasb tanlashida muhim omildir. Ayni shu jihatdan Universitetning “Ekologiya va huquq fakulteti” yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan joriy yilning 13 aprel kuni o‘tkazilgan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ham ertangi faoliyatini huquq sohasi va sud-huquq idoralari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab talaba yigit-qizlar uchun o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi, yuridik fanlari nomzodi Raxmonov Akmal Ergashevich ishtirokida o‘tkazilgan mazkur jonli suhbat, uchrashuv avvalida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muhim siyosiy jarayon – Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. Ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda Konstitutsiyaviy sud faoliyati, sud hokimiyati tizimidagi islohotlar, inson huquqlari ustuvorligi, sudyalik kasbining adolat, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligi ta’kidlandi.
Yigit-qizlarning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-hodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lg‘usi yuristlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi. “Sudya va yoshlar” uchrashuvi Yangi O‘zbekistonning ertangi bunyodkorlari bo‘lmish yoshlarni bugungi islohotlarga, yurt kelajagiga daxldor etib tarbiyalash, yuksak marralar sari ruhlantirishda katta mahorat darsi vazifasini ham o‘tagani alohida e’tiborga molik.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari O.Ro‘zibayev axboroti
Universitet matbuot xizmati