E'lonlar

21.01.2023

“Startap” loyihalar tanlov

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti (keyingi o‘rinlarda – universitet deb ataladi), talabalarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni innovatorlik faoliyatlariga keng jalb qilish hamda talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va hayotga tadbiq qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida umumiy jamg‘armasi 200 mln so‘m bo‘lgan yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha “start-up” loyihalar tanlovini e’lon qiladi.

Ushbu tanlovda loyihani start-up shaklidagi g‘oyasini yaratish yoki maket, dasturiy ta’minotini ishlab chiqish uchun har bir loyihaga 15 mln so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi.

Tanlov an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Intellektual” tanlovlari doirasida tashkil etiladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda qo‘yiladigan shartlar:

Tanlovda ishtirok etuvchi “startap” loyiha tashabbuskorlari arizalari 2023 yil 21 yanvardan 20-fevralga qadar (shu kuni ham qabul qilinadi) qabul qilinadi;

“startap” loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan bo‘lishi lozim;

“startap” loyiha tashabbuskori (1 ta ishtirokchi) 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi mumkin;

“startap” loyihalar asosida tayyor mahsulot, maket, dasturiy mahsulot, xizmatlar va texnologiyalar yaratish hamda universitet tomonidan moliyalashtirishning eng ko‘p muddati 6 oydan oshmasligi lozim;

Startap loyiha ishtirokchilari soni 3 tagcha bo‘lishiga ruxsat etiladi.

“Startap” loyihalar tanlovini o‘tkazish shartlari:

Tanlovda ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi barcha yo‘nalishdagi istiqbolli startap-loyihalarni ishlab chiqish, g‘oya, prototip, dastlabki maket va boshqalarni amalga oshirishga qaratilgan arizalar qabul qilinadi. Ular mualliflik innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart.

Startap loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk obyekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat turini yaratishni ko‘zda tutadi;

Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;

Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligi;

 

Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish;

Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar tiiamenrustartup@gmail.com elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari tasdiqlangan holda pdf shaklida elektron pochtaga yuborilishi lozim:

Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;

Startap loyiha pasporti;

Xarajatlar smetasi;

Startap loyiha biznes matni (imzo qo‘yilgan holda);

Hujjatlar namunasini quyidagi havola orqali yuklab olishingiz mumkin: https://bit.ly/tiiamestartup

Startap loyiha taqdimoti (10 slayd) yoki planshet shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi (5 daqiqadan oshmaydigan video shaklida tayyorlangan ma’lumotlar ma’qullanadi).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;

Startap loyiha hujjatlari tanlov talablariga muvofiq taqdim etilmaganligi;

Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;

Startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;

Startap loyihaning avvalgi tanlovlarda g‘olib bo‘lganligi;

Startap loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan grant mablag‘larining bino va transport vositalarini harid qilish va qurilish-ta’mirlash ishlariga sarflash rejalashtirilganligi;

Xarid qilinishi rejalashtirilgan uskuna, mahsulot, ish va xizmatlar tarkibida loyihani amalga oshirish jarayonida bevosita talab etilmaydigan yoki narxi joriy bozor qiymatidan qimmat yozilgan holatlar mavjud bo‘lganligi.

Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi talabalarning raxbarlari javobgar hisoblanadilar.

 

Universitet tomonidan tanlovni o‘tkazish va tashkil etish bo‘yicha tuzilgan ishchi komissiyaning tanlov bosqichlaridagi natijalar borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi!

 

Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalari va tanlov bosqichlari bo‘yicha tanlovning texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-99-929-78-45 (https://t.me/TIQXMMI_IQTIDOR )