So‘ngi qo‘ng‘iroq jarangi
Kechagina maktab ostonasiga ming bir hayajon bilan dastlabki qadamlarini qo‘ygan va birinchi ustozidan alifbe saboqlarini olgan yosh o‘g‘il-qizlar bugun maktabni tamomlab, ota-onasiday bo‘lib qolgan ustozlari hamda tug‘ishgan aka-ukaday bo‘lib ketgan sinfdoshlari bilan maktab sinf xonalarida so‘nggi bor uchrashib turishibdi. Bundagi ichki kechinmalar va hayajon barchamizga tanish albatta. Shu jumladan, bugun 25-may kuni respublikamizning barcha maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq bayramini nishonlayotgan bitiruvchilarga ham.
Universitetimiz “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasiga biriktirilgan Toshkent viloyati Piskent tumani XTB tasarrufidagi 12-maktabda ham ana shunday tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Xalq deputatlari Piskent tuman kengashi deputati va “Piskent hayoti” jurnali muharriri Sh.Umurzoqova, Piskent tuman XTB mutaxassisi E.Jaysanov hamda bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi bilan boshlandi va maktab direktori A.Turopov bugungi bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng bayram tadbiri maktab bitiruvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar bilan davom ettirildi.
Bayram so‘ngida o‘zining a’lo o‘qishi va namunali xulqi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan maktab o‘quvchilari maqtov yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari kafedrasi”
tayanch doktoranti N.Abdug‘aniyev axboroti
Universitet matbuot xizmati