Soha mutaxassislari Janubiy Koreyada malaka oshirmoqda
Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlar har qanday sohani rivojlantirishda asosiy kuch hisoblanadi. Soha mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish, shu jumladan ularni rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi bilan tanishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, shu kunlarda Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Suv akademiyasi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda soha mutaxassislarining malakasini oshirish loyihasi doirasida “O‘zsuvtaʼminot” AJning bir guruh xodimlari va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti” MTU “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi dotsenti Аbdukadirova Maloxat Norijonovnalari uchun Janubiy Koreyaning “K-Water” akademiyasida ikki haftalik o‘quv seminari tashkil etildi.
O‘quv seminari davomida ishtirokchilarga Janubiy Koreya suv taʼminoti tizimining rivojlanish bosqichlari, ushbu mamlakat suv siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, tarif siyosati, suv taʼminoti obyektlarida energiya tejamkor texnologiyalarning samaradorligi, suv sifati standartlari to‘g‘risida atroflicha maʼlumot beriladi. Shuningdek, o‘quv seminari dasturiga ko‘ra amaliy mashg'ulotlar o'tkazilishi hamda qator ichimlik va oqova suv tozalash inshootlari, laboratoriyalarga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan. Аbdukadirova Maloxat Norijonovna hamkorligida tashkil etilgan qisqa muddatli malaka oshirish va oʼquv kurslarida ishtirok etmoqda.