Sobiq va sodiq kursdoshlarning uchrashuvi
Tahsil olgan oliy o‘quv dargohi hamda ta’lim bergan ustozlarni yo‘qlab turish xayrlikdir. Inson o‘zining talabalik oltin davr deb yuritilgan umr pallasini hech qachon yodidan chiqarmaydi. Buning isbotini Milliy tadqiqot universitetimizga tashrif buyurgan GTQ, GM va QXM fakultetlarining o‘ttiz yillar muqaddam bitkazgan sobiq kursdoshlarning uchrashuvidan ham payqash mumkin edi.
GM fakultetini 35 yil muqaddam, GTQ fakultetini 31 yil oldin bitkazgan kursdoshlar universitetimizning muhtasham Madaniyat saroyiga jam bo‘lishdi. Ularga dastavval, universitetimizdagi ta’limiy jarayon aks etgan videolavha namoyish etildi. So‘ngra davraga prorektor Ro‘zimurod Choriev, fakultet dekanlari Alisher Fatxullaev, Bahriddin Barotovich va akademik Mirziyod Mirsaidov hamda professor Masharif Bakievlar taklif etildi.
Oldiniga akademik Mirziyod Mirsaidov ustozlik sha’ni va g‘ururi haqida, professor Masharif Bakiev esa kasbimiz va sohaning mas’uliyatli tomonlari borasida so‘z ochdi. So‘ngra ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bera boshlashdi.
Ustozlar esa ularning savollariga to‘la va mufassal javob berishdi. Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov sobiq bitiruvchilardan uchtasi bilan suhbatlashib ularning taassurotlarini yozib olib Youtube ga muhrladi. Tadbir ko‘tarinki tarzda nihoyasiga yetdi.
Universitet matbuot xizmati