TIQXMMI yangiliklari

img
04.12.2021

 Siyosiy - huquqiy taffakurning yuksak namunasi

Shu kunlarda barchamiz tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘qqiz yilligini ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdamiz. Har qanday davlatning yuzi, obro‘ - e’tibori uning Konstitutsiyasi bilan belgilanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan bosh Qonundir.  Konstitutsiyada umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari, rivojlangan xorijiy davlatlarning huquqiy amaliyoti hamda o‘zbek davlat tarixchiligi an’analari, ko‘p asrlik milliy urf-odatlarimiz, buyuk ajdodlarimizning tarixiy tajribalari va insonparvarlik g‘oyalari chuqur singdirilganligini uning har bir moddasidan anglash mumkin.

Joriy yilning 3 - dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti tashabbusi ila “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning siyosiy taffakurining yuksak namunasi” shiori doirasida ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.  Tadbirni institutning Birinchi prorektori Mirzayev Bahodir Suyunovich tabrik so’zlari bilan ochib berdi. So’ngra institut professori Altiyev Abdurashid Sultonovich hamda O’zbekiston Respublikasi Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O’sarov so’zga chiqib ushbu qutlug’ ayyom bilan barchani tabrikladi.

      Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo’mondonlik muhandislik bilim yurti faxriy qorovul shaxsiy tarkibi tadbirda saf tortdi. Shundan so’ng esa davraga O’zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Maxsus avariya tiklash boshqarmasining “Impuls” harbiy ansambli chiqib vatanni madh etuvchi taronalari bilan barchani qutladilar. Tadbirga, ayniqsa, harbiy chiqishlar ko’tarinki ruh baxsh etdi. Shuningdek, institutning iqtidorli talabalari ijrosida qo‘shiq va raqslar barchaga xushnudlik baxsh etdi.

QXM fakulteti YOBIB dekan o‘rinbosari   K.Usmonov axboroti

TIQXMMI Matbuot xizmati