Sharafli shon - yutuqdan nishon
Taraqqiyotning taqozosi musobaqa zamiriga qurilgan. Bu mamlakatlararo ham, soha va kasblararo ham alohida ahamiyat kasb etadi. Odamzod bola-chaqa deb dunyo musobaqa deb rivojlanadi deyishadi. Ta’lim tizimida buning mohiyati katta. Biron tashkilotda yutuq va muvaffaqiyatlar bo‘y ko‘rsatsa, albatta uning tag zaminida chekilgan zahmat bo‘lishi tayin. Tinimsiz izlanish, harakat, rejalilik, pedagogik tajriba, innovatorlik va kreativlik, ilm-fan va ta’limiy jarayonga nisbatan majburiyat burchi hamda mas’uliyat hissi uyg‘un bo‘lgan ta’lim dargohida jamoani yutuq va zafar qarshilashiga yana bir bor ishonch hosil qildik, amin bo‘ldik.
Joriy yilda ham Oliy ta’lim muassasalarining Milliy reytingida eng yuqori natijaga erishgan oliy ta’lim muassasamiz - “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining birinchi o‘rinni egallagani shonli va jonli jarayonning mahsulidir. Ushbu natijalar zamirida universitetning yaqin yillarda erishib kelayotgan yutuqlari poydevor bo‘lishi tayin. Demak, bu g‘alabalar tasodifiy emas. Uning tagzaminida mehnat va kasbga muhabbat tuyg‘usi bilan birga bir qancha omillar mavjud.
Dunyoning eng nufuzli xalqaro reyting tashkilotlaridan biri hisoblangan QS (Quacquarelli Symonds) Xalqaro reyting agentligining 2023 yilda e’lon qilingan fanlar bo‘yicha reytingi (QS World University Ranking by Subjects)da 3 ta fan sohasi (Muhandislik va texnologiyalar, Tabiiy fanlar hamda Atrof-muhit muhofazasi) bo‘yicha dunyoning TOP-500 talik universitetlari ro‘yxatida e’tirof etilgan edi. Shuningdek, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi universitetlari reytingida TOP-301 o‘rinda, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha 14-o‘rinda va O‘zbekiston bo‘yicha 1-o‘rinda qayd etilgani ma’lum.
QS xalqaro reyting agentligi tomonidan tashkil qilingan bu yilgi «QS Stars audit» baholash reytingi natijalariga ko‘ra, universitetimiz dunyoning TOP Universitetlari ro‘yxatida 1000 ballik baholash shkalasida 689 ball to‘pladi va unga 4 yulduzli Universitet maqomi berildi. Dunyo yashil universitetlari reytingi 2023 (World Green University Rankings 2023) bo‘yicha dunyoda 603-o‘rin, Osiyoda 311-o‘rin va mamlakatimizda 7-o‘rinni egalladi.
THE (Times Higher education) Xalqaro reyting agentligining 2023 yilda e’lon qilingan “THE Impact Rankings 2023”da universitetimiz BMTning 5 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari – BRM (Sustainability Development Goals – SDG) bo‘yicha ishtirok etdi va butun dunyo bo‘yicha BRM 2 – ochlikni tugatish (Zero Hunger) bo‘yicha TOP 101, BRM 6 – toza suv va sanitariya (clean water and sanitation) bo‘yicha TOP 201, BRM 7 – arzon va toza energiya (affordable and clean energy) bo‘yicha TOP 301, BRM 13 – iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish (climate action) bo‘yicha TOP 201, BRM 17 – barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik (partnership for the goals) bo‘yicha TOP 601 o‘rinlarni egalladi.
Shuningdek, Rankings Web of Universities xalqaro reytingida ham 2023 yilda dunyoda 3624-o‘rinni, Osiyoda 4-o‘rinni va O‘zbekistonda 1-o‘rinni egalladi. Endi bu yutuq va erishilgan natijalarning mezoni haqida mulohaza bildirishga imkon bor. Dastavval, shuni qayd etish zarurki, universitetimizda har bir soha yoki yo‘nalishni kompleks rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda, lekin bu xalqaro reytinglarga kirish uchungina emas, balki universitetda faoliyat yuritayotgan har bir professor-o‘qituvchi, xodim va talabalar uchun qulay ta’lim, ilmiy tadqiqot va ish muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Jumladan, ta’lim jarayonini to‘liq raqamlashtirish uchun faol ish olib borilmoqda, shu maqsadda «IT Park» binosi qurilishi hamda barcha qulayliklarga ega zamonaviy kutubxonani modernizatsiya qilish ishlari oxiriga yetib qoldi; 2020-2021 o‘quv yilidan universitetimizda ta’lim tizimi to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazilgani, 1200 o‘ringa ega talabalar yotoqxonasi qurilishi, mavjud yo‘nalish va mutaxassisliklarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlari davom etayotgani, xorijiy hamkor universitetlar bilan faol hamkorlik ishlari amalga oshirilib, ular bilan birgalikda ilmiy maqolalar yozish, xalqaro loyiha va grantlarni amalga oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish ishlarining amalga oshirilayotgani natijalar kafolatidir.
Shuningdek, Prezidentimizning PQ-42 sonli qaroriga asosan, universitetimiz qoshida Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti tashkil etilib, mazkur institutda sohalar bo‘yicha eng ilg‘or olimlar ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishayotgani e’tiborga molik. "Yutuqlardan esankiramaslik, erishgan muvaffaqiyatlardan yanada yangi marralar sari yakdillik bilan intilish maqsadga muvofiq, -deydi universitetimiz rektori, professor Bahodir Mirzaev. Demak, hamjihatlik, bir yoqadan bosh chiqarib ish tutish yutuqlarimiz kafolati.
Universitet matbuot xizmati