Shahidlar maydoniga tashrif
Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot” fakulteti 1-bosqich 110-guruh talabalari bilan shahrimizning Yunusobod tumanida joylashgan Shahidlar maydoniga sayohat uyushtirdik. Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish maqsadida mamlakatimizning birinchi Prezidenti tashabbusi bilan 2000 yil 12 mayda poytaxtimizning Yunusobod tumanida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui ochildi. Bu ko‘p kutilgan tarixiy voqea edi. Shundan buyon har yili 31 avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui va “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi poytaxtimizning eng gavjum ziyoratgohlaridan biriga aylanadi.
Mazkur yodgorlik majmui, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bu yerga tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, yoshlarda katta taassurot qoldiradi. Darhaqiqat, har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Bu maskanda o‘ziga xos sokinlik va allaqanday g‘amginlik bor.
“Iqtisodiyot” fakulteti tyutori D.Egamova axboroti
Universitet matbuot xizmati