TIQXMMI yangiliklari

img
22.03.2022

Samarqandga sayohat

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti dekani tashabbusi hamda tyutor B.Abdullayev bilan Gidrotexnika qurilishi yo’nalishi 205-guruhining shijoatkor, faol va iqtidorli talabalarni darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli o’tkazish maqsadida madaniy hordiq chiqarish niyatida tarixiy viloyat bo’lmish yer yuzining sayqali Samarqandga tashrif buyurishdi.

Ilk bor Samarqandga tashrif buyurganlar uchun eng avvalo, shaharning qadimiy serjilo me’morchilik obidalari bilan tanishib chiqishlari maqsadga muvofiqdir. O‘rta asrlar davrida moviy gumbazli muazzam minoralar va o‘lmas obidalarga ega mazkur shaharning naqadar rivoj topganini so‘zsiz bugungacha saqlanib qolgan va mislsiz qudrat ingan mahobatidan his qilasiz. Ana shu ko‘hna shahar bugun ham o‘zining qadimiy tarixi, betakror osori-atiqalari bilan jahon ahlini lol aylamoqda. E’tiboringizga talabalar bilan birga sayohat qilgan joylarimizni tanishtirib o’zimiz olgan bilimlarni muqaddas qadamjolar haqidagi ma’lumotlarni havola etamiz.

Registon maydoni

Ushbu maydon shaharning diqqatga sazovor muhim joylaridan biri bo‘lib, qadimiy, ammo hamisha navqiron shaharsozlik ansambli sifatida butun dunyoga dong'i ketgan. Uni uchta qudratli maqbara binosi qurshab olgan bo‘lib, har biri alohida noyob bezak bilan pardozlangan. Sharq me’morchiligining ajoyib namunasi sifatida Samarqand YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Go‘ri-Amir maqbarasi

Go‘ri Amir tarixiy yodgorligi XV asr boshlarida qurilgan bo‘lib, o‘zbek me’morchilik san’atining buyuk ijodiy namunasi hisoblanadi. Muqaddam madrasa shahardagi mashhur ziyoli arboblarning farzandlariga ta’lim-tarbiya beruvchi ilm maskani sifatida qurilgan. Uning ro‘parasida maxsus xonaqoh qad rostlagan Bino qurilishi Muhammad Sulton tomonidan boshlangan bo‘lib, u Islom ta’lim markazi ochishni ko‘zlagan edi.

Bibixonim jome masjidi

Amir Temur hajmi va chiroyi jihatidan sayyoramizdagi boshqa obidalardan ustun turgan go‘zal maqbarani qurib, ayoliga sovg‘a qilgan. Jilvakor devorlari, inshootning baland qurilgan elementlari, marmar toshdan kesib ishlangan bino kubbasi Amir Temur va uning ayoli nomlarini tarixda muhrlash uchun xizmat qilishi kerakligi nazarda tutilgan emish.

Afrosiyob shaharchasi

Afrosiyob yirik arxeologik yodgorlik bo‘lib, qadim Samarqand shahri tarixidan darak beradi. Qadim shaharning maydoni 219 gektarni tashkil qiladi. Arxeologlar bir-birini bosib turgan 11 ta madaniy qatlamlar borligini aniqlaganlar. Shaharning zamonaviy relefida qudratli qal’aning xarobalari, ko‘hna mudofaa devorlari, qachonlardir shaharga suv keladigan kanalning vayronalarini oson ajrata olish mumkin.

Shohi Zinda maqbaralar majmui

Shohi Zinda maqbarasi Samarqand shahridagi rang-barang qabr toshlarni o‘zida mujassam etgan qadimiy osori-atiqalardan biri bo‘lsa ne ajab. Ushbu tarixiy obidaning o‘ziga xos jihati shundaki, u XIV-XV asrlar mobaynida qurilgan barcha inshootlarni o‘zaro chambarchas uyg‘unlashtirgan. Mazkur binolar qadimgi Afrosiyob shahrining yaqinida qad rostlagan bo‘lib, bino joylashgan ko‘chani “qabriston ko‘chasi”, deb ham atashgan.

Hazrati Doniyor ziyoratgohi

Samarqand shahrining Afrosiyob qadimiy shaharchasi muhofaza devori tagidan oqib o‘tadigan Siyob arig‘i yoqasida Samarqand ahli tomonidan asrlar davomida qadr-qiymatlanib kelinayotgan Doniyor Paygambar maqbarasi eng mo‘’tabar ziyoratgohlardan biridir. Samarqandliklar ushbu ziyoratgohni ba’zan Doniyor Payg‘ambar, Xoja Doniyor va Hazrati Doniyor ziyoratgohi, deb ataydilar. Doniyor Paygambar Dovud alayxissalom avlodidan bo‘lib, eramizdan oldin 603 yilda Kuddus shahrida dunyoga kelgan. Bobil davlati podshosi Navuxudonosor tomonidan eramizdan oldingi 586 yilda bu muborak shahar zabt etiladi va ko‘p odamlar asirga olib ketiladi. Ular orasida 17 yoshlik Doniyor ham bor edi.

Siyob bozori

 Siyob bozori nafaqat Samarqand shahri, balki O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning eng qadimiy va yirik bozori hisoblanadi. Bozorning hududi 7 gektarni tashkil etadi. Siyob bozori sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan joylardan biridir. Uning nomi shaharning tarixiy-geografik tumanlaridan biri - Siyob, shuningdek, bozor yaqinidan oqib o‘tuvchi Siyob daryosi nomiga qo‘yilgan. «Siyob» so‘zi fors-tojikchadan tarjima qilinsa «siyoh ob» - «qora suv/daryo» ma’nosini beradi.

Universitet matbuot xizmati