Samarqand sayqali sari sayohat
Bugungi kun juda ham taassurotlarga boy tarzda o‘tdi. Sababi prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus hamda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yilning 29-oktabr sanasida universitet rektori Mirzayev Bahodir Suyunovichning tashabbuslari asosida "TIQXMMI" MTUning professor-o‘qituvchilari va Qozog‘iston Respublikasi va Vengriya davlatidan universitetimizda tahsil olayotgan bir guruh talaba-yoshlar ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohat qildilar.
Sayohat davomida talabalar Samarqand shahrining bir qancha ko‘hna obidalariga tashrif buyurdilar. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi, Hazrati Doniyor ziyoratxonasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim madrasasi, Siyob bozori, Shohi Zinda ziyoratgohi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning uy - muzeyi hamda ularning qabrlarini ziyorat qildilar.
Bu sayohat salkam 3000 yillik tarixga ega bo‘lgan navqiron Samarqand shahriga uyushtirilganligi ayni muddao bo‘ldi. Shaharda saqlangan va xalqimiz tomonidan asrlar davomida e’zozlanib kelinayotgan arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalarni talabalarimiz tomosha qilish bilan birgalikda qalblarida milliy g‘urur, iftixor yanada mustahkamlandi. "Iqtisodiyot" fakultet dekani R.Xakimov va "Yer resurslari va kadastr" fakulteti dekan muovini H.Eshova, fakultetni professor-o‘qituvchilari Z.Xafizova, A.Jumanov, I.Aslanovlar boshchiligida qilingan sayohat mazmunli va katta taassurotlarga boy tarzda xotiralarda muhrlanib qolajak. Ana shunday sayohatni uyushtirib berganligi uchun shaxsan universitet rektori B.S.Mirzayev va universitet ma’muriyatiga talabalar ulkan minnatdorchiligini bildirishdi.
YRK fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H. Eshova axboroti
Universitet matbuot xizmati