TIQXMMI yangiliklari

img
09.06.2022

Safarimiz taassurotlari

Davlat rahbarining 12-13 may kunlari tashrifidan so’ng xalqiga bo’lgan mehrining muhri o’rnida madaniyat va san’at namoyandalari, ma’rifat targ’ibotchilarining tashrifi an’ana tusini olayotgani sir emas. Qashqadaryo viloyatidan so’ng Farg’onaga qilingan Madaniyat karvoni, ma’rifatchilar safari ma’naviyatning zafariga aylanishi haqidagi fikrni yana bir karra tasdiqladi.

Bu g’oya zamirida Prezidentning o’z xalqiga bo’lgan mehr muhabbati va ishonchi borligi ma’lum.

Bu boshqacha aytganda, Yangi O’zbekistonda yangicha hayot va o’zgacha bayotning ifodasini, bunyodkorlik ruhi va shukuhini yaqqol ko’rish mumkin. Uchinchi renessansning shabadalari qalblarga ilhom baxsh etayotgani xalq bilan uchrashuvlarda ayniqsa, aniq sezildi. 1063 ta mahalla fuqarolari bilan uchrashish nafaqat ularni balki, poytaxtdan tashrif buyurgan ziyolilar va san’atkorlarni ham ruhlantirib yubordi.  Ular o’z san’ati va ma’rifati bilan xalq e’tiborida qay darajada mavqye egallaganini ham his etishdi, tushunib ham olishdi. Bu ularning qaysidir ma’noda xalq oldidagi hisoboti hamdir.

Biz Marg’ilonga biriktirilganimiz uchun shu hudud misolida aytishimiz mumkinki, mahalla guzarida o’tkazilgan ma’naviy tadbirlarda O’zbekiston xalq artisti Tesha Mo’minov, iqtidorli san’atkorlardan Muzaffar Hamidov, Mashhur Muhammad, Shahruza Allanazarova, Roza Rajabova, Bobir Xudoyqulov, Jamshid Mirzo va boshqalarning chiqishlari mahalliy aholi tomonidan olqishlar bilan qabul qilindi. Ular hatto, Yozyovon va So’x tumanlarida ham bo’lib o’z san’atini namoyish etib e’tiborga tushishdi.

Biz bir guruh ziyolilar madaniyat karvoni bilan Farg’onadan poytaxt sari poyezd orqali yo’lga chiqdik. Poyezdda ketarkanmiz, xayolan qilingan ishlar va ularning samarasi, natijasi bo’lishini hamda bu harakatning bardavom bo’lishi zarur ekanligini barchamiz his etdik. Prezident tashrifidan so’ng ularning tavsiya va topshiriqlarini, islohotlari mazmun - mohiyatini tushuntirish, omma ongiga yetkazish uchun albatta, ma’rifatparvar, ziyoli insonlarning roli, o’rni bo’lishi tabiiy. Ular bu jarayonda xalq bilan muloqot qilib mahallalarda uchrashuvlar tashkil etganlarida bilib olgan muhim saboqlaridan biri inson nutqiy muloqoti va muomala madaniyatini shakllantirishi zarurligidir. 

Shuningdek,  bu jarayonda jamoa orasida so’zlash ham muhim ekanini san’atkorlar ham, aktyorlar ham deyarli barcha ziyolilar yana bir karra his etishdi. Safar yakunida har bir ziyoli o’z faoliyatini va kelajakda yana qanday ta’sir mexanizmlarini, targ’ibotning yangicha ko’rinishlarini qo’llashi mumkinligi borasida o’ylab ko’rishi zarur ekanligini his etishdi. Farg’onaliklarning ushbu safardan mamnun ekanliklarini so’zlaridan, muloqot jarayonidagi faolliklaridan bilish mumkin edi.

Ayniqsa, mahalladagi ayrim nogironlarning xonadonlariga hol-ahvol so’rab kirganimizda ularning ko’zlaridan o’t chaqnab, xursandchiligidan ko’z yoshi to’kkanlarining ham shohidi bo’ldik. Ularning orasida ba’zilari to’shakka mixlanganlari ham bor, qo’l-oyog’i ishlamay nogiron bo’lib qolganlari ham bor edi. Ular san’atkorlarni ko’rib “Mening xonadonimga kelishingizdan behad shodman, yetti uxlab tushimga ham kirgan emas. Meni ruhlantirdingiz, bemorligimni unutdim. Rahmat sizlarga“, - deb o’z minnatdorchiligini bildirib, hyech qo’yib yuborgilari kelmasdi. Rasmga tushishishar, har xil tasvirlar orqali, ularning dastxatlari yozilgan kitoblarni qabul qilishar va hokimiyat tomonidan berilgan turli sovg’alarni ulashish zavqi bizlarga ham, qabul qilish ehtiyoji va shavqi ularga ham xos edi.

Mashhur Farg’ona kanalining qazilish tarixini eslang. Qirq besh kunlik jasorat afsonaga aylangani rost. Aytishlaricha, hozirgi zamon texnikasi bo’lganida ham bunday qisqa muddatda o’sha kanal qazishni amalga oshirish mumkin bo’lmas ekan. Buning ham o’ziga xos siri bor. Bugungi kunda qayta tiklanayotgan an’ana - fan va madaniyat namoyandalarini zahmatkash xalq bilan uchrashtirish, san’at orqali ularning  kayfiyatini ko’tarish, ruhiyatini tetik qilishdir. Tasavvur qiling. O’sha paytda mashhur Tamaraxonimu Ma’murjonlar, Jo’raxonu  Tavakkal Qodirovlarning xizmatlari bo’lmaganda, qo’shiq va askiyalarga boy konsert dasturlari uyushtirilmaganda o’sha buyuk qazish ishlarini qisqa muddatda amalga oshmasligi oynadek ravshan edi. Xuddi shu holatni Chorjo’y - Qo’ng’irot temir yo’lini bunyod etilishi misolida ham ko’rish mumkin. Bu borada uch respublika xalq artisti Komiljon Otaniyozov boshchiligidagi ansamblning xizmatlarini eslab o’tish o’rinlidir.

Muhimi, bunday yo’sindagi tadbirlar xalqimizni jipslashtirishga, ulug’vor maqsadlar sari ilhomlantirishga chorlashi va chog’lashi aniq.

Rahimboy Jumaniyozov

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti dosenti, "Ma’rifat" targ’ibotchilar jamiyati a’zosi