TIQXMMI yangiliklari

img
22.10.2022

Relefli-landshaftli Toshkent globusi taassurotlari

Joriy o‘quv yilida ham Oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar hamkorligi davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 20-oktyabr kuni Gidromelioratsiya fakultetini “Professional ta’lim (Suv xo‘jaligi va melioratsiya) ta’lim yo‘nalishi 112-guruh talabalari; shu yo‘nalishni 107-guruh “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi hamda “Er resurslarini boshqarish” fakultetining “Geodeziya va geoinformatika” yo‘nalishi 302 va 303-guruh talabalari bilan “O‘zbek Magellani” H.Hasanov tashabbusi bilan O‘zbekistonga keltirilgan, aniqligi bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinda turadigan relefli-landshaftli Toshkent globusiga “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi dotsenti O.Ro‘ziqulova bilan birgalikda darsdan keyin sayohat uyushtirdilar. Sayohatdan ko‘zlangan maqsad: Injenerlik geodeziyasi va Ekologik kartografiya fanlaridan qo‘shimcha ma’lumotlar olish edi. Globus yordamida Sathiy sirt, mutloq va nisbiy balandliklar, Yerning shakli va o‘lchamlari, koordinatalar, Yerdagi tabiiy-geografik qonuniyatlar, “Geoid” kabi mavzularda sayohat davomida hamda O‘zMU ustozlarini bergan tushunchalari yordamida bilimlarini boyitdilar. “O‘zbek Magellani” Hamidulla Hasanov, Relefli-landshaftli Toshkent globusini O‘zbekistonga keltirgan va “Beruniy globusi”ni tiklash g‘oyasining tashabbuskori.

 O‘zbekiston milliy Universitetining Geografiya va Tabiiy resurslar fakultetidagi “o‘zbek Magellani” H.Hasanov nomidagi o‘quv-uslubiy xonaga o‘rnatilgan relefli globus o‘rnatilgan xonaga bilimga chanqoq talabalar bilan kirdik. Globusni ko‘rgach, talabalar xayolan koinotga sayohat qilib, Yerni atrofini aylanib, globus yordamida har bir faslda Yerning Quyoshga nisbatan joylashuvini tasavvur qildilar. Tabiiy muvozanat, regionallik va zonallik kabi Yerdagi qonuniyatlarni mustahkamlab olishdi. Relefli-landshaftli Toshkent globusi 1979-1984 yillar davomida Rossiyaning Perm shahrida o‘quv jihozlari yasash ustaxonasida H.Hasanovning buyurtmasiga ko‘ra tayorlangan. Og‘irligi: shar-240 kg, taglik-250 kg. Jami 490 kg. Yuzasining aylanasi 13 m2. Globusda 2 ta masshtab qo‘llanilgan bo‘lib, vertikal masshtab- 1:200 000. Gorizontal masshtab-1:7 mln. H.Hasanov 5 yil davomida kerakli ma’lumotlarni yetkazib bergan. Globusni yasashdan va O‘zbekistonga keltirilishidan ustozni maqsadi, biz kabi kelajak avlodlar Yerning modeli bo‘lgan dunyoda kam sonli bo‘lgan mazkur globus yordamida dunyoni yaxshiroq anglash, tushunish va qo‘llay olish edi. Ustoz maqsadiga yetishdi. Globus yana ko‘p yillar davomida Yerdan va suvdan samarali foydalanuvchilarga umuman butun insoniyatga beminnat xizmat qilishiga ishonamiz.

Universitet matbuot xizmati