TIQXMMI yangiliklari

img
09.04.2022

Rektorning talabalar ota-onalari bilan muloqoti

O'z farzandining qayerda, qanday o‘qiyotgani, yashash tarzi bilan  qiziqish ota-onaning muhim burchlaridandir. Bu esa o‘zining, oilasining kelajagi bilan qiziqish, befarq bo’lmaslik demakdir. Beriladigan ta'lim va tarbiyaning sifati va samarasi talabalarning kim bo‘lib yetishishini belgilovchi omil ekani ma’lum.

Talabaning oliy maqsadlari ro‘yobga chiqishida ikki tomonlama ta'sir nihoyatda muhim. Bu bir tomondan tarbiyaga, ikkinchi tomondan esa ta'limga daxldor.

Bu aslini olganda, ya'ni pedagoglar va ota-onalarning zimmasidagi mas'uliyatli vazifadir. Ana shu ma'naviy-ma'rifiy ehtiyojlarni inobatga olgan holda bugun soat 12.00 da "TIQXMMI" milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich universitet talabalarining ota-onalari bilan samimiy suhbat o’tkazdi.

Dastavval, rektor Universitetning ta'lim tizimidagi yangiliklar, talabalar uchun yaratilgan qulayliklar borasida tushuncha berdi. Universitetda ta'limdagi zamonaviy texnologiyalarning joriy etilgani, ARMning elektronlashtirilishi, xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida yanada takomillashtirilishi haqida mufassal ma'lumotlar berib o’tdi. Rektorning jo‘shqin va ko‘tarinki ruhdagi nutqidan ruhlangan ota-onalar o‘zlarining farzandlari bilan, ularning ta'limi va qiziqishlari bilan bog‘liq ketma-ket savollar berishdi.

"Farzandining yutug‘i ota - onani o‘n yilga yashartiradi".  Rektorning ushbu fikri barcha ota-onalarni ruhlantirib yuborgani aniq. O'ylaymizki, ota-onalar endilikda, o‘z farzandlariga yanada e'tiborliroq bo‘lishlari aniq. Tadbirda prorektor Ruzimurat Choriyev so‘zga chiqib talabalarning ota-onalariga qarata "qarsak ikki qo‘ldan chiqishini, ota - onalar farzandlarining qayerda qanday ish bilan mashg‘ulligini surishtirib turishi zarurligini, shahar sharoitida ba'zan xunuk ishlar sodir bo‘lib qolishi bu esa sizlarga va bizlarga nisbatan ham xijolatli bo‘lishi mumkin - deya ularni hushyorlikka chaqirdi.

Tadbir oldidan ota-onalar xalq shoiri Abdulla Oripovga bagishlangan muzeydagi eksponatlar bilan yaqindan tanishib rosa xursand bo’lishgandi. Tadbir do‘stona tarzda, samimiy ruhda kechdi.

Talabalarning ota - onalari mamnun holda tarqalishdi. Ayrimlari esa Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan konsert dasturini tomosha qilish uchun zalda qolishdi.

              Universitet matbuot xizmati