Rektorning ota-onalar bilan navbatdagi uchrashuvi
Bugun ertalabdanoq talabalar ota – onalarini kutib olish taraddudi boshlandi. Fakultet dekanlari va o’rinbosarlari, tyutorlar hamda saralab olingan talabalar ota-onalarni xush kayfiyat bilan kutib olishdi.
Har bir fakultet o'z talabalarining ota-onalarini ro'yxatga olishga kirishdi. Ro'yxatga olish ishlarida GM? GTQ va GIM fakultetlari talabalaridan xususan Mamatqulova Sohiba, Yarashboyeva Nasiba va Ilhomjonova Gulshodalar faollik ko’rsatishdi.
Ota-onalar guruhlarga bo'linib universitetimizning o'quv binolari, kutubxonalari, Abdulla Oripov muzeyi va bog'i, talabalar oshxonasi, Talabalar turar joylari va u yerdagi sharoitlar bilan tanishib chiqishdi.
Soat millari 9.30ga bong urgan vaqtda har bir fakultet ota-onalari uchun alohida-alohida majlis va taqdirlash marosimlarini o'tkazishdi. Va nihoyat soat 11.00.da universitetimiz Madaniyat saroyida asosiy o'tkazilishi rejalashtirilgan majlis boshlandi.
Majlisdan ko’zlangan maqsad ota-onalar farzandlarining qay sharoitda yashab o'qiyotganliklari bilan yaqindan tanishish va o'z fikr- mulohazalarini bildirishlari, ayni paytda ikki tomonlama hamkorlik natijalari haqida o’ylash va ish olib borish edi.
Universitetimiz rektori, professor Bahodir Suyunovich Mirzayevning ota-onalar bilan o'zaro samimiy suhbati boshlandi. Suhbat davomida ota-onalar farzandlarining o'qishlari va kelajakdagi maqsadlari yo'lida olg'a qadam bosishlari uchun kerakli shart-sharoitlar borligi, yanada ildam odimlashlari uchun esa talabalarga motivatsiya bera oladigan mashhur insonlar bilan uchrashuvlar tashkil qilish kerakligini aytishdi. Bu taklif va mulohazalarning ijrosi rahbariyat tomonidan ta'minlanadigan bo'ldi. Ota-onalar bundan juda xursand bo'lishdi. Samimiy suhbatlar tugagach,rahbariyat ota-onalar farzandlari taqdiriga befarq bo'lmaganliklari uchun tashakkurnomalar izhor qilishdi. Universitetning birinchi prorektori Ruzimurat Choriyev ham so’zga chiqib “biz uchun shogird, siz uchun farzand bo’lgan talabalarga e’tibor mamlakatimiz istiqboliga, uning taraqqiyotiga e’tibor” deya ota-onalarga uqtirdi. Shuning uchun ham ularning tarbiyasiga, yurish-turishiga, ko’rinishi va kiyinishiga aslo befarq bo’lmaslikni ta’kidladi.
Shu o'rinda ota-onalar ham rahbariyatimizga o'zlarining minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Barcha xursand va mamnun bo'lgan holda o'z viloyatlari tomon yo'l olishdi. Majlisga tashrif buyurgan barcha ota-onalarni fakultet dekan o’rinbosarlari, tyutorlar va faol talabalar xushmuomalalik bilan uylariga kuzatib qo'yishdi.
GM fakultetining 1-bosqich talabasi Sohiba Mamatqulova axboroti
Universitet matbuot xizmati