TIQXMMI yangiliklari

img
12.05.2023

Rang ongostining ona tilidir

“TIQXMMI” MTU psixologi M.K.Muhammedova va GTQ fakulteti tyutori X.R.Saidovalar hamkorligida GTQ fakulteti 109-guruh talabalari bilan “Rang inson ichki dunyosining in'ikosidir” mavzusida seminar trening tashkil etildi. Yig'ilish talabalarga ranglar va ularning xususiyatlari haqida hamda ranglarning inson ruhiyatiga ta'siri haqida ma'lumot berish maqsadida tashkil etildi. Rang o'zi nima? U qanday paydo bo'ladi? Fan tili bilan aytganda, rang — chiqayotgan yoki qaytgan nurlanishning spektral tarkibiga muvofiq yorug'likning muayyan sezgi hosil qilish hossasi. E'tibor berganmisiz, sizga ko'proq qandaydir rang yoqadi va ba'zida esa salbiy kayfiyat keltirib chiqaradi? Gap shundaki, odamning ma'lum bir rangga munosabati motivatsiya va ongning o'zgarishiga bog'liq. Insonning ko'zi doimiy ravishda nur va turli xildagi ranglarga intilib, talpinib yashaydi. Xuddi kundalik hayotimizda qora bulutlardan so'ng chiqqan quyosh nurini ko'rgan va kayfiyati ko'tarilgan inson kabidir. Tirik organizm bor ekan, ranglar ta'sir ko'rsatishi normallashgan holatdir. Ranglarni tadqiq etishga ayniqsa, yaponlar ilgaridan jiddiy e'tibor berib kelishgan. Shu bois dunyoda yagona bo'lgan Rang instituti Tokio shahrida faoliyat ko'rsatadi.

Bu dargohda rang har tomonlama tadqiq etiladi, xususan, ranglarning inson qalbiga bo'lgan ta'sirlari ham o'rganiladi. Rang asoslari fan sifatida Yaponiya maktablari dasturiga ham kiritilgan. Psixolog Lyusher ham ranglarni uzoq vaqt davomida o'rganib, ularning inson ruhiyatiga katta ta'siri borligini tasdiqlagan. Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Kamoliddin Behzod, Firdavsiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi jahonga mashhur allomalarimiz ranglarning turlari, inson sog'ligiga ta'siri, ma'nolari va boshqa xususiyatlari haqida juda ko'p ilmiy tadqiqotlar olib borganliklari xususidagi qiziqarli ma'lumotlar orqali seminar trening qiziqarli tarzda olib borildi. Tadbir davomida talbalarning yoqtirgan ranglari tafsiloti va rang tanlashda e'tibor berilishi kerak bo'lgan asosiy masalalar haqida tavsiyalar berib o'tildi. Yig'ilish davomida barcha talabalar faol ishtirok etishdi, fikr va mulohazalarini bildirib o'tishdi eng keraklisi hayotda zarur bo'ladigan foydali ma'lumotlarga ega bo'lishgan holda tadbir nihoyasiga yetkazildi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati