TIQXMMI yangiliklari

img
29.04.2022

Rahbarlik ma’naviyati va pedagogik muloqot

Qaysi mavzuda bo’lmasin, o’z sohasining bilimdoni, malakali, amaliy va nazariy jihatdan puxta olim so’z ochsa barchaning diqqat- e’tibiori mavzuga qaratilishi aniq. Bugun universitetimizga tashrif buyurgan ikkita professor yuqoridagi fikrimizga dalildir. Sotsiyologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodov va pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov bilan pedagogik jamoamizning samimiy muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni birinchi prorektor, pedagogika fanlari doktori Ruzimurat Choriyev olib bordi.

Kirish so'zdan so‘ng professor Mansur Bekmurodov minbarga chiqdi. U boshqaruv faoliyatining muhim mexanizmi bo’lgan rahbarlik ma’naviyati haqida asosli fakt va dalillarga boy mulohazalari bilan chiqish qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangicha va mustaqil fikrlaydigan tashabbuskor mas'uliyatli, ilg’or boshqaruv usullarini puxta o’zlashtirgan vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo’yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o’zgarishi yuz bermaydi” - degan fikrlarini keltira turib o’zining purhikmat mulohazalari bilan asoslashga intildi. Bu borada u Turdi Farog‘iyning

“Tor koʻngulluk beklar, man-man demang, kenglik qiling,

Toʻqson ikki bovli oʻzbak yurtidur tenglik qiling.

 Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir toʻngʻa kirib,

Bir oʻngurluk, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling" -degan misralari aks etgan muxammasidan parcha keltirdi.  

Bu esa har damda, har qadamda bir - birini tushunish, qo’llab - quvvatlash va har kimning imkoniyati doirasida el-yurt manfaati, mamlakat taraqqiyoti yo’lida xizmat qildira olish, muhim burch ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, bu borada Prezidentimizning ushbu fikrini keltirdi. “Ulug’ maqsadlarga erishish uchun barchamiz birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib birgalikda intilishimiz lozim”.  Shu o’rinda beixtiyor Maxtumqulining “og’iz olachilik ayirar elni birlikdan” degan purma'no misralari yodga keladi. Ogizbirlik bilan qilingan harakatda barakat bo’lishini anglatibgina qolmay, balki birdamlik va birgalikdagina xalq oldidagi maqsadlarga erisha oladi.  Nepotizm mayllariga berilmasdan har bir xodimning qobilyatidan o'z o’rnida foydalanish orqali, hurmatini joyiga qo’yib, Yangi O’zbekiston ruhi va shukuhiga monand xizmat qildira olish muhim. To’g’rilik va haqiqatni, adolat va ishonchni his etgan, muqaddas tutgan xalqimizning  har bir farzandi butun borlig’ini berib ishga kirishadi. Bu ayni haqiqat. Bu esa o‘z navbatida ahillikka va inoqlikka yo’l ochadi, hasad va g’arazning urug’ini quritadi.

M.Bekmurodov shu masalalarga munosabat bildirib barchani birgalikda astoydil ishlashga, Davlat rahbari g‘oyalariga sadoqat va jipslashishga chaqirdi.

Shundan so’ng galdagi ma'ruzachi taniqli olim, jonkuyar ustoz, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov pedagog va talabalar orasidagi muloqot samimiylikka yo’g’rulishi, har ikkala tomon ham o’z burchi va vazifalarni his etishi zarurligini e'tirof etdi. Talabalarning o’qituvchilarni kamsitishi, o’qituvchilarning talabalarni aybsitishi maqsadlarimizga xizmat qilmasligi aniqligini uqtirdi. Buyuk pedagog Makarenkoning muloqot ohangi va muomala etiketi borasidagi fikrlarini keltirib, ta’lim va tarbiyaning sifati, samarasi, natijadorligi haqida o’z qarashlarini bayon etdi. Professor - o’qituvchilarning dars paytida, darsdan tashqari vaqtlarda o’quvchi -talabalar bilan muloqoti yangicha ko’rinish kasb etishini ta’kidladi. Pedagogik muloqot, aslida o’quvchilarning o’sishi va ma'nan rivojlanishiga hissa qo’shish borasidagi harakat, faoliyatdir. Professorning ushbu bugungi kundagi talabalarning va professor o’qituvchilarning qiziqishlari va munosabatlarini sinchiklab kuzatishlari asnosidagi qimmatli fikr - mulohazalari barchaga birdek ma'qul keldi.

     Universitetimizning professor o’qituvchilari har ikkala mutaxassisga savollar berib davraning jonli va qiziqarli tarzda o’tishiga sababchi bo’lishdi.

So‘ngra prorektor R.Choriyev Universitetimiz nishonlari aks etgan albom va esdalik sov’galarini tag’dim etdi. Mehmonlar ham tashrifidan mamnun bo’lib universitet jamoasiga o’z minnatdorchiligini bildirdi.

Rahimboy Jumaniyozov

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari