Qurbon hayiti bayram tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, qadrdon jamoamiz va aziz talabalar!
Birlik, birdamlik va bardamlik tushunchalari bayram so‘ziga hamohang ekani bejiz emas. Tinchliksevar xalqimizning tabiati va tiynatiga xos bu tushunchalarning teran mohiyatini ayni kunlarda musulmon olamida muqaddaslik kasb etgan Qurbon hayiti bayrami arafasida yana bir bor his etmaslik aslo, mumkin emas. "Biz bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak -Vatanmiz" degan davlatimiz yetakchisining purhikmat o‘gitlari zamirida ham ana shu haqiqat bor.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzolarkanlar, milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etilishida ulug‘ ma’rifat, qadriyat va ibodat borligini nazarda tutganlari haq. Ko‘hna tariximiz davomida yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini har tomonlama barqaror etib kelayotgan bu qutlug‘ bayramni munosib nishonlash butun el-yurtimizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tilash demakdir.
Ushbu muborak bayram mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o‘zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog‘likni qadrlashdek ulug‘ fazilatlarning ahamiyati yuz chandon oshadi.
Bayram shukuhi ayniqsa, universitetimizning ayni kunlarda erishgan yutuq va ulkan marralari, xususan O‘zbekiston Oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor QS World University Rankings dunyo reytingida TOP 1000 talik universitetlar qatorida e’tirof etilgani, 547-o‘rinni egallagani jamoamizga chinakam faxru iftixor baxsh etadi.
Bu zafarlar zamirida ham yuqorida qayd etilganidek, bahamjihatlik va birdamlikka yo‘g‘rilgan ilm-ma’rifat va intellektual salohiyat borligini hech kim inkor eta bilmaydi. Yutuqlardan esankiramasdan, yanada ulkan marralarni egallashga bo‘lgan intilish, g‘ayrat-shijoat sizlarni aslo tark etmasin, qadrdonlarim.
Fursatdan foydalanib Yaratganning ne’matlari ziyoda bo‘layotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda butun bir jamoamizni, xorijiy do‘st va hamkorlarimizni ham qutlab, barchalaringizga tinchlik, bardavom taraqqiyot va omadlar yor bo‘lishini istayman. Xonadonlaringizga qut - baraka, to‘kin-sochinlik va farovonlik, yurtimizga tinchlik va osoyishtalik tilayman. Hamisha sog‘u omon bo‘linglar!
BAXODIR MIRZAYEV
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti Rektori, professor