TIQXMMI yangiliklari

img
25.10.2023

Qo‘shimcha qobiliyatlar qadrlandi

       Ta’lim muassasamizda tahsil olish bilan birga qo‘shimcha hunarlarni egallash, ayniqsa talaba qizlar uchun ziynat hamdir. Tabiiyki, ularni kelajakda baxt qarshilaydi. "Kimki chevar, pazanda, Bo‘lar doim arzanda" - degimiz keldi shu tobda. Universitetimizda qo‘shimcha kurs va to‘garaklarning qayta tashkil etilgani katta ahamiyatga ega. Bugun tikuvchilik, pazandachilik va hamshiralik kurslarida o‘qib kasb-hunar egalari bo‘lishgani munosabati bilan taqdirlov tadbiri bo‘lib o‘tdi.

       Dastavval, Milliy tadqiqot universitetimiz rektori Bahodir Mirzayevga so‘z berildi. Rektor ushbu tashabbus va tashkilotchilikni qo‘llab - quvvatlarkan, jumladan, ayrim mulohazalarini bildirib o‘tdi. Universitetda 1200 ta talaba qizlar tahsil oladi. Bunday yo‘sindagi ayrim to‘garak va kurslar to‘xtab qolgandi. Endilikda qayta jonlangani ta’kidlandi. 72 ta talaba qizning bu kurslarga jalb etilgani e’tiborga molikdir.

     Bunday xayrli harakat uchun 200 million so‘m ajratilgani quvonarlidir. Ayni paytda ingliz tiliga o‘rgatish kurslari ham imtiyozli tarzda faoliyat yuritayotganini rektor e’tirof etib o‘tdi. So‘ngra "Sanam School" markazi rahbari Feruza Mirzaliyevaga so‘z berildi. U o‘zlarining tirishqoqligi bilan ajralib turgan qizlarni sertifikat va diplomlar bilan rag‘batlantirmoqchi ekanliklarini aytib hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

    Hunarga yo‘naltirish, kasbga tayyorlash bo‘yicha harakatlar ishchi o‘rinlarni  yaratilishiga imkon tug‘dirishini qayd etdi. So‘ngra u rektor B. Mirzayevga, prorektor R.Choriyev, professor Z.Ismoilova, dotsent D.Muqumova, D.Xursandovalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirdi. 

       Shuningdek, kursda tahsil olgan talaba qizlarga diplom va sertifikatlarni universitet rahbariyati "Sanam School" MChJ tomonidan taqdim etishdi.

Universitet matbuot xizmati