Qoraqalpogʼiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida sayyor oʼquv-seminari tashkil etildi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-144-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, Qaror mazmun-mohiyatini qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi klasterlar mutaxassislari, fermer xoʼjaliklari rahbarlari hamda quruvchi va ishlab chiqarish tashkilotlar vakillariga tushuntirish, tejamkor sugʼorish texnologiyalarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishni tashkil etishda ishtirok etuvchi mutaxassislarning bilim va koʼnikmalarini oshirishga bagʼishlab 2022 yilninig 14-17 mart kunlari Qoraqalpogʼiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida sayyor oʼquv-seminari oʼtkazildi.
Sayyor oʼquv-seminarida Suv xoʼjaligi vaziri oʼrinbosari R.J. Qarshiev, “Аxborot tahlil va resurs markazi” direktori oʼrinbosari А.А. Mangliev, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidan Xalqaro hamkorlik boʼyicha prorektor, professor А.T Saloxiddinov, “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani, professor А.M. Fatxulloev, “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi professori B.Sh. Matyakubov hamda mahalliy ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va mutaxassislari oʼz maʼruzalari va amaliy tavsiyalari bilan ishtirok etdilar.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi Nukus shahrida hamda Xorazm viloyati Qoʼshkoʼpir tumanida tashkil etilgan tadbirlarda Oʼzbekiston Respublikasi Suv xoʼjaligi vazirining oʼrinbosari R.J.Qarshiev soʼzga chiqib, Qarorda belgilangan tadbirlar, xususan, Orolboʼyi mintaqasi sharoitida tejamkor sugʼorish texnologiyalarni joriy etayotgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar hamda yaratilayotgan imtiyozlar toʼgʼrisida atroflicha maʼlumot berdi.
Prof. А.T. Saloxiddinov hamda prof. А.M. Fatxullaev respublikamiz Prezidentining 2022 yil 1 martdagi PQ-144-son qaroridan kelib chiqadigan dolzarb vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari boʼyicha batafsil tushuncha berdilar. Jumladan, mintaqadagi shoʼrlagan tuproqlar sharoitida tejamkor sugʼorish texnologiyalarni qoʼllash boʼyicha amaliy koʼnikmalarni hosil qiluvchi maʼlumotlarni tinglovchilar eʼtiboriga yetkazdilar. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan Qoraqalpogʼiston suv xoʼjaligi vaziri vazifasini bajaruvchi B.Juzbaev, Qoraqalpogʼiston qishloq xoʼjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori Yelmurat Sherniyazovich Toreniyazov, shu institut kafedra mudiri dotsent Аltingul Tengelovna Djumanazarova, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpogʼiston mintaqaviy markazi direktori t.f.f.d. (Phd) S.E.Kurbanbaev, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi direktori, dotsent O.Ishchanov, Chapqirgʼoq Аmudaryo ITHB boshligʼining birinchi oʼrinbosari Q.Matyakubov hamda masʼul mutaxassislari va viloyat fermer xoʼjaligi rahbarlari tomonidan mintaqada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarish jarayonida Oʼzbekiston Respublikasi sharoitida erishilgan soʼnggi natijalar hamda tajribalarga asoslangan tavsiyalar va ilmiy maslahatlar berildi.
Tadbirda suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi va quruvchi tashkilotlar tomonida mazkur yoʼnalishdagi zamonaviy jihoz va vositalar koʼrgazmasi tashkil etildi.
Sayyor oʼquv-seminari davomida qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari oʼz hududlariga xos tejamkor sugʼorish texnologiyalar va ularni qoʼllash boʼyicha yangi bilim va koʼnikmalarga ega boʼlish bilan bir qatorda ushbu tizimni qurish va ishlatishda masʼul korxonalar vakillari bilan tanishdilar, oʼzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar.
Shuningdek, suv tejovchi yangi istiqbolli imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumotlar oldilar. Maʼruza, davra suhbati va koʼrgazma shaklida oʼtkazilgan sayyor oʼquv-seminari qishloq xoʼjaligida suv tejamkor sugʼorish texnologiyalarni joriy etish va ularning barqarorligini taʼminlash borasidagi salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Universitet matbuot xizmati