Qishloq va suv xo‘jaligining zamonaviy muammolari yoshlar nigohida
Joriy yil 12-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Qishloq va suv xo‘jaligining zamonaviy muammolarini yechish, ilmiy-uslubiy va huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda kadrlar tayyorlash borasida yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlari natijalarini muhokama etish va ommalashtirish maqsadida “Qishloq va suv xo‘jaligining zamonaviy muammolari” mavzusidagi anʼanaviy XXII - yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarning ilmiy-amaliy anjumanining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anjumanni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori Tohirjon Sultanov ochib berdi.
Taʼkidlab o‘tilganidek bugungi kunda universitetda ilmiy-innovatsion izlanishlar sohasini rivojlantirish, ushbu sohada ayniqsa yoshlarning faolligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, universitetning fidoiy professor-o‘qituvchilari yordami bilan talabalar ishtirokida tayyorlanayotgan ilmiy ishlar soni yildan-yilga ortib bormoqda, maʼlum natijalarga erishib kelinmoqda. So‘nggi uch yilda universitet talabalari Respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadasida 19 nafari 1-o‘rinni, 20 nafari 2-o‘rinni, 9 nafari 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1 nafar magistrant “Mehnat muhofazasi, ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar xavfsizligi” yo‘nalishida va 1 nafar bakalavr talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 1 nafar Islom Karimov, 1 nafar Navoiy nomli, 3 nafar Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohiblari bo‘ldilar.
Shuningdek, Universitet iqtidorli talabalarining ilmiy ixtirochilik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi va boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan 10 dan ortiq tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan va 43 ta loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib jami 285.37 mln so‘mdan ortiq pul mukofotlari va rag‘batlantirish mablag‘larini qo‘lga kiritishdi. Bundan tashqari talaba va magistrantlarning ilmiy-innovatsion faoliyatga qiziqishlarini oshirish, yangi tashabbuslari maʼnaviy-maʼrifiy, ijodiy ishlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil maqsadida turli hil ko‘rik-tanlovlar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, “Start-Up: nazariya, amaliyot, ilmiy tadqiqotlar va biznes integratsiyasi” mavzusidagi yozgi maktab, “Xalqaro suv kuni”, “Xalqaro yer kuni”, “Intellektual” shuningdek, sport va maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishlarida Milliy kurash, voleybol, basketbol, badminton, shaxmat, shashka, fitness, stol tennisi, “Quvnoqlar va Zukkolar” va boshqa tanlovlar tashkil etilib munosib ko‘rilgan loyiha mualliflari rag‘batlantirilib kelinmoqda.
Anjuman ochilish marosimiga taklif etilgan mehmonlar, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Olimjon To‘ychiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi yoshlar parlamenti raisi Shaxnoza Juldasova va O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi startap loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ilmiy-texnik kengash raisi Barnoxon Artikxodjayevalar so‘zga chiqib anjuman ishtirokchilarini tabriklab, anjuman ishiga omad va muvoffaqiyatlar tiladilar.
Maʼlumot uchun anjumanga 10 ta ilmiy yo‘nalishlarida 600 dan oshiq ilmiy ishlar bo‘yicha maqolalar kelib tushgan. Anjuman 13-may kuni ham shoʻbalarda o‘z ishini davom ettiradi.