O‘zbekistonda Barqaror bioiqtisodiyot bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi
Samarqand Agroinnovatsiyalar va Tadqiqotlar Institutida Yevropaning Erasmus+ “BioEcUz” loyihasi doirasida ochilgan “Bioiqtisodiyot” magistratura mutaxassisligining o‘quv dasturlari Yevropalik va mahalliy hamkor universitet professor o‘qituvchilari tomonidan muhokama qilindi. Ikki kun davom etgan ushbu o‘quv seminarda o‘qitish jarayoni, o‘qituvchilarni o‘qitish metodologiyasi va fanlar bo‘yicha salohiyatni oshirish kabi mavzularda guruhlarga bo‘lingan holda o‘qituvchilar tomonidan muhokama qilindi. Guruhlarning yakdil hulosalarini barcha ishtirokchilar eshitdi.
Har bir guruhda Latviya, Litva, Finlandiya va “TIQXMMI” MTU milliy tadqiqot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda mezbon universitetning professor o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi va ko‘plab baxsli savollarga javob berishdi.
Shuningdek “Bioiqtisodiyot” magistraturasi talabalarining fanlardan o‘zlashtirish darajasi muhokama qilindi. A’lo baholarga o‘qigan talabalarni rag’batlantirish maqsadida Latviyaga oktabr oyida bir haftalik o‘quv amaliyotiga jo‘natish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
“BioEcUz” loyihasining bosh koordinatori Irina Kulitane yakuniy so‘zga chiqib O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari, uning mohiyati, o‘rni, afzalliklari, yagona bioiqtisodiy ekotizimda turli sub’ektlarning vazifalari va afzalliklari haqida fikr yuritdi. Loyiha doirasida uch yildan beri o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda ishlayotkanini va ushbu loyiha O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shishini takidlab o‘tdi.
I.Bozarov axboroti.