TIQXMMI yangiliklari

img
17.03.2022

“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” ga tashrif

    “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor-oʻqituvchilari, doktorantlar va magistrantlar joriy yilning 15-mart kuni Toshkent viloyati, Bekobod shahrida joylashgan “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdilar.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad “Oʻzmetkombinat” AJ bilan taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirish, koʻp tomonlama hamkorlik shartnomasini tuzish boʻlib xizmat qildi.

Dastlabki tashrif “Oʻzmetkombinat” AJ xodimlar malakasini oshirish markazidan boshlandi. Ushbu markazda kombinatning ekologiya va atrof muhitni muhofaza etish boʻlim boshligʻi Husniddin Maqsudov, birinchi toifali muhandis ekolog Baxrom Razikov, muhandis ekologlar Ixtiyor Baynazarov va Dilshod Joʻrayevlar kafedra aʼzolarini kutib olishdi.

Kafedra mudiri t.f.d., prof. A.M.Arifjanov va PhD., dos. L.Samiyevlar universitet hamda kafedraning xodimlari, tarixi, ustuvor yoʻnalishlari, ilmiy ishlanmalar toʻgʻrisida taqdimot namoyish etdilar.

Birinchi toifali muhandis ekolog Baxrom Razikov kombinatda metallarni sovitish, yuvish-tozalash kabi turli xil ishlarda suvdan foydalaniladi. Shu suvni tozalash maqsadida tindirgich qurilgan. Tindirgich suvni toʻla tozalab berolmayapti. Bu tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda deya taʼkidlandi.

Kafedra mudiri t.f.d., prof. A.M.Arifjanov bu borada kafedraning suvni tozalash borasida ilmiy ishlanmalarini bor ekanligini, suvni tozalashning yangi texnologiyasi ishalb chiqilganligini va mazkur muammoni joyiga borib oʻrganishlik zarurligini aytdi.

“Oʻzmetkombinat” AJ xodimlari va kafedra aʼzolari yuqoridagi muammoni oʻrganish maqsadida tindirgich joylashgan joyga bordilar. Quvurlardan chiqayotgan ishlatilgan suvdan tahlil uchun namunalar olindi. Holat atroflicha oʻrganilib tavsiyalar berildi.

Tashrif yakunida muhandis ekolog Ixtiyor Baynazarov  taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini joriy qilishni kengaytirish va ularning samaradorligini oshirish boʻyicha keng qamrovdagi tashrif boʻlganligini aytib, “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi jamoasiga kombinat jamoasi nomidan tashakkur bildirdi.

Yakunda “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi va “Oʻzmetkombinat” AJ oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik shartnomasi loyihasi taklif etildi.

 

 Universitet matbuot xizmati