Oshga marhamat!
2022-yil 21-aprel kuni Universitetimizning 4-Talabalar turar joyida "Qishloq va suv xo'jaligi energiya ta'minoti " fakulteti yoshlari, mas'ullari bilan ajoyib bayram dasturi tashkil etildi. Tadbirimizda fakultet dekani A.Isakov, dekan o’rinbosari A.Mutalov hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor R.Choriyevlar tashrif buyurishdi. Dasturxon ustiga Universitetimiz prorektori qizlar uchun manti qasqon sovg’a qildi. Qizlarning pazandaligi, qirqta hunar ham kamlik qiladigan yigitlarimizning o'zbek milliy taomi sanalgan Osh (Palov) ni qay tarzda tayyorlash mahoratlari ham sinaldi. Hammasi a'lo, hammasi kutilganidan ortiq.
Osh tayyor bo'lgunga qadar fakultet tyutori Nuraliyeva ZIlola ushbu taom haqida tayyorlab kelgan qiziqarli ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi. Talabalar ham qisqa va aniq nutq madaniyatiga amal qilgan holda Respublikamizning viloyatlarida tayyorlanadigan turli osh turlari haqida so'zlashdi. Ochiq havoda, ajoyib kayfiyatda davom etayotgan do'stona tadbirga yaxshi insonlarning samimiy tilaklari, kutilmagan sovg'alari va eng asosiysi e'tiborlari yanada ko'tarinkilik baxsh etdi. Fakultet jamoasining ahilligi va birdamligiga ko'z tegmasin.
Universitet matbuot xizmati