O‘rta Osiyo yong‘oq va meva tizimining barqaror agro-o‘rmonchilik qiymat zanjiri mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman
Bugun "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida O‘rta Osiyo yong‘oq va meva tizimining barqaror agro-o‘rmonchilik qiymat zanjiri mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir Germaniya Federal Ta’lim va Tadqiqot Vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “SUFACHAIN – NTFP” va agro-o‘rmon xo‘jaligi qiymat zanjirlarida Markaziy Osiyoda mahsulot, jarayon va kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish orqali barqaror yer boshqaruvini rag‘batlantirish tadqiqot loyihasining bir qismi sifatida o‘tkazildi.
Anjumandan asosiy ko‘zlangan maqsad agroo‘rmon xo‘jaligi tizimlarini tahlil qilish va ularni mahalliy yerdan foydalanishga integratsiyalash hamda resurslardan barqaror foydalanish va mahalliy qiymat yaratishga hissa qo‘shadigan mahsulot va texnologiyalarni ishlab chiqishga keng imkon yaratishdan iborat. Tadbirda "TIQXMMI" Milliy universiteti rektori Bahodir Mirzaev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov, ushbu loyiha rahbari Darr Dietrich va bir qator xorijiy ekspertlar o‘zlarining mavzu doirasidagi fikrlarini bildirdilar. “Bugungi konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlarining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga intilayotgani, tabiiy resurslarimiz va biologik xilma-xillikni saqlashni ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Biz ushbu tadbir O‘zbekistondagi barcha universitetlar uchun barqaror agroo‘rmon xo‘jaligidagi qiymat zanjiri sari yangi yo‘llarni o‘rganish nuqtai nazaridan qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz, bu ham atrof-muhitga, ham Markaziy Osiyo aholisining turmush tarziga foyda keltiradi.
Tadbirni yuqori saviyada tashkil etgani va bir qancha xorijlik professor va tadqiqotchilarni jalb etgani uchun Dilfuza Egamberievaga alohida tashakkur izhor etamiz! Umid qilamanki, anjuman doirasida agroo‘rmonchilik sohasidagi alohida tajribangiz, ijodkorligingiz va bugungi tadbirni yanada samarali o‘tkazishga qo‘shgan hissangiz asosidagi yangi g‘oyalaringizni namoyon etasizlar!” - deydi o‘z nutqida universitet rektori Mirzaev Bahodir Suyunovich.