TIQXMMI yangiliklari

img
04.05.2024

«Ommaviy madaniyat» – milliy madaniyatning kushandasidir

Joriy yilning 3-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot” fakulteti 108-guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va “Iqtisodiyot” fakulteti tyutori D.Egamovalar “D” korpus 101-xonada “«Ommaviy madaniyat» ning salbiy oqibatlari” mavzuida seminar trening o'tkazishdi. Tadbir jamiyat ma'naviyatini salbiy oqibatlarga yetaklovchi, xalqimiz milliy urf-odatlariga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan “ommaviy madaniyat” haqida talaba yoshlarga ma'lumot berish hamda yoshlarimiz qalbida diniy e'tiqodlarimizga sadoqat, milliy urf-odatlarimizga mehr-muhabbat hislarini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi. Madaniyat deganda xalqimiz azal azaldan e'zozlab, avaylab kelayotgan milliy va diniy qadriyatlarimiz bevosita xayolimizga keladi.

Erkaklarimizning mardligi, oilasiga sodiqligi, oilasi, Vatani, dinu diyonati uchun jon jahdi bilan kurashishligi, muhtaram ayollarimizning o'z odob-axloqlari, hayolari oilasi va farzandlari uchun jon kuydirganliklari natijasida dunyoni lol qoldirgan buyuk bobokalonlarimiz dunyoga kelganlarini tarixdan yaxshi bilamiz. Demak, madaniyatli, odobu axloqli, dinu diyonatli oilada dunyoga kelgan farzand ham xuddi ota-onasi kabi odobli bo'lib tarbiya topishi hech kimga sir emas. “Ommaviy madaniyat”ning ashaddiy maqsadi, avvalo iqtisodiy boylik orttirish, ortirilgan bu boylikni esa insonga xos bo'lmagan “ko'ngilochar yo'llar”ga sarflash, tarix va kelajakning orasini uzib milliy ma'naviyatni yo'q qilish, Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat kabi milliy qadriyatlarni parchalab tashlash, odamlarni bir-biriga qarama-qarshi qo'yib, bir-birini va shu bilan birga, o'zini-o'zi o'ldirishigacha olib borish. Natijada esa uning tarqatuvchilari dunyo va undagi boyliklarga yagona hukmron bo'lib qolishni ta'minlashdan iborat.

Bugungi kunda har bir millat uchun yoshlarini “ommaviy madaniyat”ning changalidan asrab qolish eng dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Bu balodan o'zligini, xossatan yoshlarini saqlay olmagan xalq halokatga mahkum ekanligi kunday ravshan bo'lib qoldi. Shu sababli bugungi o'tkazilgan tadbirda talaba yoshlarni “ommaviy madaniyat” changaliga tushib qolmaslik yo'l-yo'riqlari haqida tavsiyalar berilib, milliy urf-odatlarimiz, diniy e'tiqodlarimizga sadoqat tuyg'ularini shakllantirishga doir qiziqarli ma'lumotlar berildi. Bundan tashqari seminar trening qiziqarli tarzda o'tishini ta'minlash maqsadida, talabalarning o'z fe'l-atvorlarini aniqlashga doir test va treninglar tashkil etildi. Tadbirda barcha talabalar faol qatnashdilar.

Universitet psixologi M.Muhammedova va “Iqtisodiyot” fakulteti tyutori D.Egamovalar axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati