Oliy ta’limga yo‘l maktabdan boshlanadi
Kuni kecha universitetimiz “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari Toshkent viloyati Piskent tumani XTB tasarrufidagi 12-maktabda bo‘lishdi.
Ushbu tashrif davomida universitetimiz kafedra professor-o‘qituvchilariga 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Alisher Mo‘minjonovich hamrohlik qildi va bugungi kunda maktabda pedagoglar faoliyati hamda maktabning moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan, 1994-yilda qurib bitkazilgan ushbu maktab 340 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, darslar o‘zbek va qozoq tillarida olib boriladi. 2 smenada tashkil etilgan dars jarayonlarida 401 nafar o‘quvchi tajribali pedagoglar qo‘lida tahsil olib kelmoqda. Pedagog xodimlar soni 32 nafar bo‘lib, shundan 30 nafari oliy ma’lumotli, 2 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega. O‘qituvchilarning 2 nafari oliy toifali, 6 nafari I-toifali, 11 nafari II-toifali, 12 nafari esa mutaxassis hisoblanadi. 2020-2021 - o‘quv yilida maktabni tamomlagan 27 nafar o‘quvchidan 10 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishgan. Maktabdagi sport zal, o‘quv xonalari va boshqa maxsus xonalar talabga javob beradi. Maktab sariq toifali hududga mansub.
Bundan tashqari kafedra professor-o‘qituvchilari va maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida ularning qiziqishlari hamda kelajak rejalari haqida erkin savol-javob tarzida suhbat o‘tkazildi. Tashrif so‘ngida maktab va kafedra o‘rtasida maktabda taʼlim sifati hamda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqildi hamda unda belgilangan vazifalarning bajarilishi doimiy nazoratda bo‘lishi kelishib olindi.
“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi
tayanch doktoranti N.Abdug‘aniyev axboroti
Universitet matbuot xizmati