TIQXMMI yangiliklari

img
26.02.2022

Oliy taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash orqali xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash  boʻyicha xalqaro seminar-trening

 Joriy yilning 21-24-fevral kunlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida oliy taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash boʻyicha xalqaro seminar-trening boʻlib oʻtdi.Unda Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari, xorijiy ekspertlar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va ish beruvchi korxona va idoralar mutasaddilari ishtirok etishdi.Jaxon Banki Rivojlanish Assosiatsiyasi Oliy va O’rta Maxsus Ta’lim vazirligini hamkorligidagi xalqaro loyixa ishtirokchilari, jumladan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot Universiteti vakillari ham qatnashishdi. Tadbir Vilnius Gediminas texnika universitetining ilmiy ishlar boʻyicha direktori, Oliy taʼlim boʻyicha xalqaro ekspert Nora Skabursken tomonidan yangi akkreditatsiya tizimining sinov taqrizlari, undagi yangiliklar hamda jarayonning maqsad, mezonlari va tartiblari haqidagi taqdimoti bilan boshlandi.

Shuningdek, oliy taʼlim boʻyicha xalqaro ekspert Klemen Subik tomonidan akkreditatsiya jarayonida ekspertlar va koordinatorlarning roli haqida maʼlumot tinglandi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda, oʻz-oʻzini baholash hisobotini tahlil qilish boʻyicha muhokama mashgʻulotlarida qatnashishdi.Mazkur jarayonda tashqi baholash komissiyasi uchun tayyorlanadigan maʼlumotlarning toʻliq va foydali boʻlishi, asoslovchi qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etish kabi yoʻnalishlar muhokama qilindi. Bildirilgan fikrlar esa Nora Skabursken va oliy taʼlim boʻyicha xalqaro konsultant Ahim Hopbaxlar tomonidan atroflicha tahlil qilinib, zarur taklif tavsiya va mulohazalar bildirildi. Kun yakunida ishtirokchilar tomonidan bu kabi mashgʻulotlarning oliy taʼlim muassasalaridagi sifat va samaradorlik koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi hamda ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik aloqalarini muntazam davom ettirish lozimligi taʼkidlandi.

 

 

Universitet matbuot xizmati