OITSni oldini olish – zamon talabi
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti 2-TTJ “Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash”, “Ekologiya va huquq” fakultetlari talaba qizlari bilan universitet psixologi M.K.Muhammedova va 2-TTJ tarbiyachi pedagogi T.Xudoyberdiyevalar ishtirokida ikki qism doirasida “OITS va uning profilaktikasi” va “Insonning ichki dunyosiga nazar, baxtga eltuvchi yo'l” mavzularida tadbir tashkil etildi. Tadbir OITS kasalligi haqida ma'lumot berish va uni profilaktika qilish maqsadida tashkil etildi. Yig'ilishning ilk qismida universitet psixologi M.K.Muhammedova OITS kasalligining kelib chiqish tarixi, etiologiyasi, kasallikning dunyoda tarqalganligi, kasallik manbalari, kasallikning yuqish yo'llari, qaysi holatlarda yuqmasligi, kimlar ko'p kasallanishi va profilaktikasi bo'yicha qiziqarli va mazmunli ma'ruza qildi. Talabalarni ogohlikka da'vat etdi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Ma'ruzadan so'ng talabalar o'rtasida “OITS va uning profilaktikasi” mavzusida viktorina o'tkazildi. Viktorinada quyidagi savollar berildi:
1.OITS nima?
2.OITS kasalligi dastlab qayerda aniqlangan?
3.OITS qaysi yo'llar orqali yuqadi?
4.Kimlar OITS bilan kasallanishga moyil?
5.OITSning oldini olish choralari?
Barcha ishtirokchilar viktorinada faol qatnashishdi, eng asosiysi hayotda asqotadigan foydali ma'lumotlarga ega bo'lishdi. Universitet psixologi M.K.Muhammedova xulosa o'rnida: “ Hurmatli ishtirokchilar kasallikdan qo'rqish emas, undan himoyalanish lozim. Bu dard bilan kurashayotgan bemorlardan o'zimizni olib qochishimiz emas, balki ularga hamdard bo'lib, mehr berishimiz kerak. Bu kasallik haqida yashirish emas, balki halqimizga, o'sib kelayotgan yosh avlodga kasallik, yuqish yo'llari, himoyalanish usullari haqida kengroq ma'lumot berish lozim. Shundagina kasallikning oldini olib, yuqish yo'lini kamaytirgan bo'lamiz”, dedi va talaba qizlarga ruhiy motivatsiya berish orqali ularda yuzaga kelayotgan tashqi va ichki zo'riqishlarning oldini olish maqsadida “Insonning ichki dunyosiga nazar, baxtga eltuvchi yo'l” mavzusidagi trening bilan tadbir davom etildi. Mashg'ulot davomida “Mening baxtli kunim”, “Yutuqlar kalendarim” deb nomlangan treninglar hamda “Siz baxtlimisiz?” kabi test-so'rovnomalar o'tkazildi va natijalari muhokama qilindi. O'tkazilgan tadbirdan barcha ishtirokchilar o'zlari uchun zarur bo'lgan bilimlarga ega bo'lishdi va tadbir qizg'in tarzda o'z nihoyasiga yetdi.
Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti
TIQXMMI MTU matbuot xizmati