Nutq o‘stirishga chorlov
San'at deganda, ko'pincha ko'z o'ngimizga kinolar, musiqa olami va rasssomlar chizgan suratlar gavdalanadi. Bu ro'yxatni yana davom ettirishimiz mumkin, ammo, san'at shunday keng ko'lamli tushunchaki, uni biz faqat atrofdagi borliqni badiiy obrazlarda ijodiy namoyon etishgina emas, balki keng ma'noda har qanday faoliyat sohasida eng yuqori mahoratning namoyon bo'lishi desak, adashmaymiz. Shu jumladan, so'z san'ati ham borki, biz uni "Notiqlik san'ati" - deya bot-bot tilga olamiz va bugun qaysi soha vakili bo'lmasin, notiqlik mahorati ko'nikmlariga ega bo'lishini taraqqiyot taqozo etmoqda. 28-mart kuni "Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining muhtasham Madaniyat saroyida "Qishloq va suv xo'jaligi energiya ta'minoti", "Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash", "Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash" fakultetlari talabalari uchun Universitet matbuot kotibi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rahimboy Jumaniyozov tashabbuskorligida aynan shu masalaga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Inson hayotida so'zlardan nafaqat o'rinli, balki ta'sirli ya'ni, nutqiy barkamollikda so'zlay bilishning qanchalik inson hayotida muhimligini namoyon etgan kinolavha namoyish etildi. Talabalar hayotida ham nutq madaniyatining o'rni xususida chiroyli fikrlar keltirildi. "Notiqlik san'ati nima uchun lozim?" - deya butun zal yoshlariga berilgan savolga "Qishloq va suv xo'jaligi energiya ta'minoti" fakulteti talabasi Shahloxon o'z erkin fikrlarini bayon etdi. Mehmon sifatida tashrif buyurgan spiker onlayn maktabining rahbari, respublika kelajak liderlari tanlovlarning moderatori Ikromjon Xudayberganov hamda mnemonika bo‘yicha yirik mutaxassis iqtidorli jurnalist Shomurot Normatov o‘zining notiqlik san'ati mahoatini egallash yo'lidagi kechinmalari, xorijdagi xotiralarini baham ko'rib, ajoyib trening o'tkazdi. Tyutorlarga biriktirilgan birinchi va ikkinchi kurs talabalarning ko'ngilli yoshlari sahnada jonli tashkil etilgan nutqiy vaziyat va san'at bilan bog'liq o'yin-treningda ishtirok etib, manfaatli hordiq olishdi va ko'nikmalarga ega bo'lishdi. Notiq, mantiq va nutq tushunchalari, notiqlik mahoratidan bir shingil ulashilgan tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi.
"Qishloq va suv xo'jaligi energiya ta'minoti" fakulteti tyutori Nuraliyeva Z. tashabbusi bilan fakultetda tashkil etilgan "Notiq irrigatorlar" to'garagi a'zolari ham faol ishtirok etishdi va nutqiy ko'nikmalarini Rahimboy Jumaniyozov darslariga qatnashib, yanada oshirib borishga qaror qilishdi.
Universitet matbuot xizmati