Nutq mahoratiga ega bo'lmagan xodim haqiqiy mutaxassis bo'la olmaydi
O'z sohasining bilimdoni bo'lgani bilan u notiqlik san'atini va madaniyatini egallamagan bo'lsa, chinakam mutaxassis bo'lishi mushkul. Shunday ekan, qaysi sohada bo'lmaylik, nutq mahorati va muloqot etiketiga hamda muomala madaniyatiga ega bo'lish barcha muvaffaqiyatlarning garovidir. O'tgan o‘quv yili boshlangan notiqlik kursi "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti talabalarining nutqini o'stirishga fikrlash qobiliyatini kuchaytirishga va muomala madaniyatini o'rgatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Universitetimiz rektori Mirzayev Bahodir Suyunovich tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu kurs yana o'z faoliyatini boshladi, deyarli barcha fakultetlardan qiziquvchi talabalar yig'ilishdi.
Ushbu kursni filologiya fanlari nomzodi, yetuk voiz, dotsent Rahimboy Jumaniyozov olib bormoqda. Bugungi darsda Spikerlik maktabining o'qituvchisi Akrom Xudoyberganovni ishtirok etgani nihoyatda zavqli bo'ldi. U talabalarga nutq madaniyatini egallash uchun eng muhimi- Ixlos kerak ekanini tushuntirdi va qiziqarli o'yinlar bilan ularning bilimini sinadi.
Talabalar orasida Javohir Latipov, Avazbek Radjabov va Bekniyoz Xudoyberdiyevlar o'zining o'tkir zehni va topqirligi bilan hammani qoyil qoldirdi. Dars mashg'ulotlari haftada ikki marta ofline va online tarzda bo'lishi rejalashtirildi. Darslar seshanba va payshanba kunlari o'tkazilishi kelishildi. Nutqini ravon, so'zini o'tkir va tafakkurini teran qilishni istovchi, lider bo'lmoqchi bo'lgan talabalarni chorlab qolamiz.
SXTEB fakulteti 2 - bosqich talabasi Behzod Fayzullayev axboroti
Universitet matbuot xizmati