TIQXMMI yangiliklari

img
04.11.2023

Notiqlar munosib taqdirlandi

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va jadal bunyodkorlik ishlari, ma’naviy va ma’rifiy sohadagi tub o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga aniq, ravon va ta’sirchan usullarda yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu tarixiy jarayonlarni ta’lim va tarbiya, kasbiy mahorat uyg‘unligini ta’minlab, aholi qatlamlariga va xalqaro hamjamiyatga faol targ‘ib etib kelayotgan, xalq bilan muloqot jarayonlarida notiqlik san’ati usullaridan mahorat bilan foydalanayotgan jonkuyar, fidoyi va iste’dodli ijodkorlar doimiy ravishda rag‘batlantirib borilmoqda.

 Kuni kecha "Toshkent irrigatsiya qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining "Yer resurslari va kadastr" fakulteti tyutorlari Maftuna Turg‘unova, Azim Xaydarov, “Iqtisodiyot” fakulteti tyutorlari Gulbaxor Shodieva, Dilbar Egamova,  “Gidromelioratsiya” fakulteti tyutorlari Akbar Shonazarov, Dilbar Axrarova, QXM fakulteti tyutorlari Jahongir Sadullaev va Oliya Abdullaeva, "Ekologiya va huquq" fakulteti tyutorlari Xursandbek Ro‘zmetov, Iroda Ahmedova, “Energetika” fakultetidan Botir Abdullaevlar adabiyot va san’atga qiziquvchi talabalaridan bir nechtasini Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasiga boshlab borishdi. Talabalar tadbirda o‘zlariga yarasha motivatsiya olishdi.

U yerda Notiqlik san’ati akademiyasi ta’lim markazining tashabbusi bilan notiq-targ‘ibotchilarga yillik mukofotlari topshirildi. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi va “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim markazi bilan hamkorligida tashkil etilayotgan, turli vazirlik va idoralar, madaniyat va ma’naviyat tizimlarida, jurnalistika sohasida samarali mehnat qilayotgan va nutqiy faoliyati bilan ibrat-namuna bo‘layotgan bir guruh kasb egalarini turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash tadbiri o‘tkazildi.

Albatta hozirgi paytda aksariyat davlat xizmatchilari va boshqaruv tizimidagi mutasaddilar, xotin-qizlar mutaxassislari, pedagoglarni muloqot etiketi va muomala madaniyatini yanada oshirish, kommunikativ kompetentlik darajasini yuksaltirish orqali nutq mahoratini takomillashtirish bugungi kunning muhim talabidir. Qanday sohada, qanday kasbda ishlamaylik, qaerda o‘qimaylik, insonlararo muloqot va muomalaning asosiy mezoni bu – nutq madaniyati va notiqlik san’atidir. Xalqimizda “ta’limning kaliti nutq bilan, tarbiyaning kaliti xulq bilan”, degan naql bejizga ishlatilmaydi. Ijtimoiy-ma’rifiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda og‘zaki va yozma nutqni yaxshi o‘zlashtirishni rag‘batlantirish, bunday ma’rifiy maqsadga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash ushbu marosimning muhim shartidir.  “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim markazi mutaxassislari tomonidan bir yil davomida olib borgan turli tadqiqotlar va o‘rganishlar tahlillari orqali ona tilimizning betakror nafosati va boy imkoniyatlarini kreativ muloqot usullaridan unumli foydalangan holda samarali qo‘llab kelayotgan bilimdon notiqlar 16 ta nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Jumladan, quyidagi yo‘nalishlar e’lon qilindi: “Xorijiy mamlakatlarda milliy she’riyatimiz jozibasi va nafosatini tarannum etishda jo‘shqin ijodiy faoliyati uchun” (iste’dodli shoir Nosirjon Jo‘raev), “O‘zbek qiziqchilik san’atini eng yaxshi an’analari nutq ohanglarini saqlagan holda boyitishga va xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qo‘shgan munosib hissasi uchun” (marhum qiziqchi Obid Asomov), “Jahonning nufuzli xalqaro anjumanlarida O‘zbekiston va o‘zbek tili shuhratini yoyish va mamlakatimiz obro‘sini yuksaltirishga qo‘shayotgan beqiyos jurnalistik faoliyati uchun”,  (xalqaro jurnalist, taniqli publitsist va mohir shoir Karim Bahriev), “Ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy materiallarni yoritishda o‘zbek yozma nutqidagi zamonaviy kommunikativ kompetensiyasi uchun” (taniqli jurnalist Ilyos Safarov), “Media makonda saylovchilar manfaatlarini ifoda qilishda faol va qat’iy deputatlik pozitsiyasi uchun” (Siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Asadovich Jo‘raev), “Mamlakat hayotidagi dolzarb voqealarni chuqur mushohada salohiyati va o‘zbek tilining boy jozibasi bilan yetkazish borasidagi mahorati uchun” (taniqli jurnalist Xayrulla Nuriddinov), “Etakchining notiqlik mahoratini oshirish masalalarini ilmiy-tahliliy o‘rganishdagi yangicha ilmiy-nazariy yondashuvlari uchun” (Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, Otabek Xasanov), “Aholining keng qatlamlarida ijtimoiy-ma’naviy targ‘ibotni sodda va xalqchil tilda yetkazib berishga qo‘shayotgan favqulodda faolligi uchun” (falsafa fanlari doktori, professor Jamila Toshpo‘latovna Shermuhammedova), “O‘zbek tili suxandonlik va dublyaj maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shayotgan ulkan shaxsiy xizmatlari uchun” (taniqli aktyor, mohir suxandon, dublyaj ustasi Afzal Rafiqov), “Oila institutini mustahkamlash bo‘yicha o‘tkazilgan qator tadbir va anjumanlarda nutq vositasida fikr va mantiqni ijtimoiy yukini tugal yetkazib berishdagi zamonaviy yondashuvlari uchun” (pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdieva), “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob targ‘iboti yo‘lidagi zamonaviy yondashuvlari va ulkan amaliy hissasi uchun” (Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Umida Teshaboeva), “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini xalq bilan samarali muloqot va noan’aviy tashviqot orqali yetkazishdagi shaxsiy ibrati uchun” (Po‘lat Bobojonov), “O‘zbek tilining rasmiy nutq madaniyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan yuksak mahorati va fidokorona xizmatlari uchun” (taniqli jurnalist va publitsist Murtaza Qarshiboev), “Xalq og‘zaki poetik ijodini pedagogik, germenevtik va lingivistik mahorat orqali samarali yetkazishdagi buyuk xizmatlari uchun” (O‘zbekiston milliy universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi dotsenti, marhum ustoz Omonulla Madaev). “Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzulardagi chiqishlari orqali ma’rifiy islomni qat’iy himoya qilishdagi jonbozligini uchun” (Jaloliddin Hamroqulov), “Yoshlarda diplomatik etiket, verbal va noverbal muloqot ko‘nikmalarini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun” (“Spiker” notiqlik klubi rahbari Ikrom Xudoybergenov).

Taqdirlov marosimini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Alohida namunali ko‘rgazmali orkestri o‘z chiqishlari bilan boshlab berdi va mehmonlarni kutib oldi. Tadbir davomida ham taqdirlanganlar sharafiga davomli musiqa sadolari yangrab turdi. O‘zining sohir va yuqori diapazonli ovozi bilan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatrining mahoratli aktyori Bozorbek Xolmo‘minov hamda muqallidlik san’atining ustasi Bahodir Fozilovning chiqishlari davraga fayz kiritdi. Bu kabi e’tiborga molik va qiziqarli tadbirlar “Taraqqiyot strategiyasi – 2030” dasturidan kelib chiqib, nodavlat-notijorat tashkilotlarining erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida faol ishtiroki nuqtai nazaridan ham ahamiyatli bo‘lib, ikkinchi bor (avvalgisi 2019 yilda) o‘tkazilayotgan taqdirlash marosimini kelgusida har yili muntazam o‘tkazib borish nazarda tutilmoqda.

"Yer resurslari va kadastr" fakulteti tyutorlari Maftuna Turg‘unova axboroti

Universitet matbuot xizmati