TIQXMMI yangiliklari

img
28.06.2022

Nazariya va amaliyot uyg‘unligi

Bugungi kunda suv resurslari taqchilligi muammosi nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun dunyoda kun sayin kuchayib bormoqda. Mamlakatimizda yildan-yilga kuzatilayotgan suv taqchilligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Suv resurslarini miqdoriy jihatdan hajmini oshirishning imkoniyati cheklanganligi bois, mavjud suv resurslaridan imkon qadar samarali foydalanish yo‘llarini izlab topish dolzarb vazifalardan biri bo‘lmoqda. Bu o‘rinda zamonaviy suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish muammoga munosib yechimlardan biridir.

Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar yo‘nalishida mutaxassis kadrlar tayyorlash ishlari bundan bir necha yillar avval boshlab yuborilgan. Shu o‘rinda yana bir muhim vazifa bor, ya’ni oliy ta’lim muassasalarida nazariy bilimlarni chuqur egallagan yoshlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdir. Respublikamizda ushbu vazifa ijrosini birinchilardan bo‘lib, Jizzax viloyatida joylashgan “MASTER BILDING PRODUCTS” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona boshlab berdi. Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning mart-iyun oylarida tashkil etilgan o‘quv darslari va ishlab chiqarish amaliyotida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidan Gidromelioratsiya fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishining bitiruvchi kurs talabalaridan 4 nafari muvafaqqiyatli ishtirok etib qaytdi.

Talabalarga mashg‘ulotlarni Turkiya davlatidan kelib faoliyat yuritayotgan muhandis, qolaversa korxona tomonidan o‘rnatiladigan tomchilatib sug‘orish tizimlari loyihachisi Kerem Akdog‘an olib bordi. Mashg‘ulotlar davomida tomchilatib sug‘orish tizimi elementlarining har biriga alohida to‘xtalgan holda, ularning barcha vazifa va funksiyalari xususida, shuningdek, tizimni loyihalash, loyihalashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan asosiy sifatlar haqida tushuntirishlar berildi. Korxona xodimlari bilan bir qatorda talabalar Xorazm viloyatida joylashgan WBM-Qo‘shko‘pir klasteriga qarashli paxta dalalariga tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish jarayonlarida ham to‘liq ishtirok etishdi. Uch oy davom etgan amaliyotda o‘z bilim, ko‘nikma va malakalarini yanada orttirib qaytgan talabalarga korxona tomonidan tayyorlangan maxsus sertifikatlarni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Suyunovich Mirzayev tantanali topshirdi va talabalarning kelgusi ilmiy hamda ish faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Darhaqiqat, bugungi kunga kelib mamlakatimizda suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash davr talabiga aylanib ulgurgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash esa davr talabi bilan hamohang yurish demakdir.

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati