Navr‘o‘ziy nashidalar
Navro‘ziy taomlar bahonasida qalban yaqin boʻlgan insonlarning jam boʻlishi qadimdan anʼana boʻlgan, odat tusini olgan ana shunday taomlardan biri shubhasiz, sumalakdir.
Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak atrofida odamlarning bir-biriga izhor qiladigan tilaklariyu dil izhorlari, o‘zaro iliq muomalada boʻlib vaqtichogʻlik qilishlari ko‘zni quvontirib, dilni yayratishi, tilni sayratishiga nima yetsin.
Kecha erta tongdanoq, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetining talabalar turar joyida sumalak sayli boshlandi. Talabalar va professor-oʻqituvchilar hammasi ahillikda bo‘lib, xushchaqchaqlik bilan kimdir sheʼrxonlik qilar, kimdir qiziq hikoya va hangomalardan soʻz ochardi. She'rxonlik va bahru baytlar ham avjida, so‘zu soz musobaqasiga nima deysiz?
Sho‘x qo‘shiqlar lobar qizlarimizni beixtiyor davraga, xirom aylab raqsga chorlardi. Kun bo‘yi talaba va tyutorlar, professor o‘qituvchilar va TTJlar mas'ullaridan tortib fakultet dekanlariyu universitet rahbriyatigacha navbatma-navbat turib uzun dastali kapgirni qo'lga ushlagancha galma-gal aylantirib ko‘plab navro‘zlarni nishonlashni, ona yurtimiz tinchligini so‘rab niyat qilishardi.
Musobaqaviy dasturdan so‘ng g‘olib talabalarga uyga qo‘ng‘iroq qilishib ota-onalari bilan suhbatlashtirishar, "men sizlarni yaxshi ko‘raman" - deya aytishlariga izn berishardi. Farzandlarining ovozlarini eshitib, xursandchiliklarini his qilgan ota-onalarning kayfiyatini, shodliklarini aytmaysizmi?
Xullas, iye, uzr, sumalagimiz ham tayyor bo‘lib qolibdiku. Ha aytganday, kechqurungi iftorlikda duolar qilib sumalakni tanovul qilishingizga ilhaqmiz. Keling, dasturxonga, azizlar!
Universitet Matbuot xizmati