TIQXMMI yangiliklari

img
12.02.2024

Navoiy falsafasini vokaloterapiya orqali anglash

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti  psixologi M.K.Muhammedova Xor jamoasining bir guruh yoshlari bilan “Navoiy falsafasini anglash va klassik musiqaning inson ruhiyatiga ta'siri” mavzusida seminar trening tashkil etdi. Tadbirni tashkil etish zamirida yosh avlodning ma'naviyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish hamda axloqini go'zal bo'lishi yotadi. Shu bois, Hazrat Navoiyning asarlarini qancha o'qisak, o'rgansak, g'azallarini kuyga solib kuylasak shuncha oz. Navoiy ijodi bizning asl adabiyotimiz o'rnagidir. U insonni hamisha komil axloqqa, ezguliklarga chorlaydi, yomonliklardan qaytaradi, ma'naviy falokatlardan ogohlantiradi. Buyuk mutafakkir asarlari yoshu qari uchun birday foydali. Ko'ksida milliy faxri bor, o'zbekman degan har bir kishi Navoiyni o'qishi, o'qiganida ham mehr va ixlos bilan o'qishi shart. Biz guruhimiz a'zolariga Navoiy falsafasini anglatish maqsadida shoirning “Aylagach” g'azalini tahlil etdik.  Guruh a'zolari bilan  qariyb bir oy davomida “Aylagach” ashulasini o'rganish bo'yicha darslar tashkil etildi. Bugungi tadbirda esa Navoiy qalamiga mansub “Aylagach” g'azali haqida va g'azalni kuyga solinishi tarixi haqida qiziqarli ma'lumotlar berildi.

Biz har safar tadbirlarimizni ikki qism doirasida o'tkazishga odatlanganimiz bois, bugun ham o'z an'analarimizga sodiq qolgan holda yig'ilishimizni ikkinchi qismini vokaloterapiya usulidan foydalangan holda davom ettirdik. Bunda biz klassik ashula kuylashning inson ruhiyatiga ta'siri haqida ma'lumot berib o'tdik. Olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko'ra klassik musiqaning inson ruhiyatiga ijobiy ta'sir  etishi isbotlangani hech kimga sir emas. Ayniqsa, Shashmaqomdagi maqomlar insonni mushohada qilishga undab, tafakkurini kengaytirishga xizmat qilar ekan. Klassik kuy va qo'shiqlar insonni tinchlantiruvchi ta'sirga ega bo'lib, tashvishlanish, xavotirlilik,  agressiyani pasaytirib, kayfiyatni ko'tarishga yordam beradi. Bosh og'rig'idan xalos etadi, yurak tezligini, qon bosimni hamda nafas olish ritmini normallashtiradi, stressni pasaytiradi. Shu sababli biz guruh a'zolari bilan o'z ijodiy faoliyatimizda nafaqat zamonaviy, balkim klassik janrdagi qo'shiqlarni ijro etishni ham o'z oldimizga maqsad qildik. Tadbir "Aylagach" ashulasini ijro etish bilan o‘z nihoyasiga etdi. O‘rni kelganda guruhimiz qizlari "Aylagach" ashulasi bilan  “Gidrotexnika qurilishi”  fakulteti tomonidan o'tkazilgan Navoiyxonlik kechasida chiqish qilishgani tomoshabinlar uchun ham ijrochilarimiz uchun ham yoqimli hissiyotlar uyg'ota olgani quvonarli holat ekanini aytib o‘tishni lozim topdim. 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati