TIQXMMI yangiliklari

img
05.06.2024

Navbatdagi yangi marra, yangi yutuq

Har qanday qutlug‘ qadamlar ulug‘ maqsadlar saridir. Yutuqlar yangi marralarga chorlaydigan ilhombaxsh kuchdir. 

Bugungi kunda “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti – yuqori va  qudratli, ulug‘vor va nufuzli, muhim va baland marralarni quyib mag‘rur va keng ko‘lamli  maqsadlarni ko‘zlagan, yaqin istiqbolda dunyo reytinglariga kirishga da’vogarlik qilayotgan hamda o‘zini global arenada "Ixtisoslashgan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar markazi" sifatida ko‘rayotgan universitetdir ekanligi hammamizni g‘ururlantiradi va yanada jipslashtiradi.

Buning boisi Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlarning oliy ta’lim tizimidagi samarasi sifatida izohlanishi o‘rinlidir. Ma’lumingizkim,  2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.

Mazkur konsepsiya asosida oliy ta’limni bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qaror va farmonlar chiqarildi.

Unga ko‘ra respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida TOP 1 000 talikda va 2ta OTM birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirish belgilangan edi. 

Shu bois universitet va uning ko‘p sonli professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchi-olimlar,  xodimlar va talabalardan iborat jamoasi zimmasiga ulkan vazifalar qo‘yilgan.

Bugun ertalabdan yangi yutuqlar bilan bir-barlarini o‘zaro tabriklash maqsadida universitetimizning jamolasi va nufuzli mehmonlar kirish joyida jam bo‘lishdi. Bayramona tusda, rango rang sharlar bilan bezatilgan sahnda jamoani yutuqlari bilan qutlash niyatida  dastavval, so‘z universitet rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovichga berildi. Ular o‘z tabrik nutqida Universitet o‘z faoliyatida o‘zining o‘quv va ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish, xalqaro miqyosda nufuzini oshirish va mamlakatning barqaror rivojlanishi bo‘yicha mavjud muammolarga ilmiy yechimlarini topish va tadqiqotlar o‘tkazish orqali ta’lim, tadqiqot hamda salohiyatni rivojlantirish maqsadlariga alohida ahamiyat qaratgani xususida so‘z yurita turib ushbu maqsadlar ro‘yobida  jamoaning  hamjihatlik va yuqori salohiyat bilan dadil qadamlari o‘z natijasi va samarasini berayotganini tae’kidlab o‘tdi.  Bu borada dastlabki ishlarni boshlab bergan rahmatli ustozimiz O‘.P Umurzakov boshchiligida:  QS World University Rankings Sharqiy Yevropa Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha 2019  yilda 350 o‘rinda, 2020-yilda 300, 2021-yilda 211 o‘rinlarda bo‘lganini e’tirof etdi.

Shuningdek, 2022-yilda Osiyo va Tinch okean mintaqasida 337 o‘rinda, 2023-yilda esa 88 pog‘ona yuqorilab, 249 o‘rinni, Markaziy Osiyo universitetlari orasida 9 o‘rinda, Milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston universitetlari orasida 1 o‘rinda e’tirof etilgani, QS  xalqaro reyting agentligi tomonidan Universitetga 4 yulduzli universitet maqomi berilgani, ya’ni 689 ball bilan, 5 yulduzli universitet maqomiga - 11 ball yetmagani bu yil albatta, eng yuqori marraga erishishimizni qayd etdi.

Ayni paytda yutuqlarimizning davomi sifatida ushbularni ta’kidlash o‘rinlidir. QS Subjects  Dunyo reytingida TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti fan sohalari (Muhandislik va texnologiyalar; Tabiiy fanlar; Ekologiya va atrof - muhit muhofazasi) bo‘yicha TOP 500 talik universitetlar qatoridan joy olgani, o‘tgan yili 5-dekabr kuni London shahrida QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2024-yilda barqaror rivojlanish sohasida dunyodagi eng yaxshi universitetlar reytingi QS World University Rankings: Sustainability 2024 ning yangi ro‘yxati e’lon qilindi. “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti (701-710) ilk bor eng kuchli universitetlar qatorida qayd etildi.

Rektor nihoyat uzoq yillar mehnat qilingan va kutilgan natijaga erishilganini, ya’ni O‘zbekiston oliygohlari orasida ilk bor QS World University Rankings ya’ni dunyo reytingida universitetimiz TOP 1000 talik universitetlar qatorida 547 - o‘rinda e’tirof etilganini e’lon qildi. Shu zahoti, qarsaklar sadosi va olqishlar yangradi.  

Rektor jumladan, shunga mos ravishda Universitetning  yaqin va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan strategik rivojlanish dasturi bo‘yicha erishiladigan reja va vazifalarni ham qayd etib o‘tdi.

Keyin esa tabrik navbati Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qarshiyev Rustam Jo‘rayevichga berildi.  U ta’lim tizimidagi yutuqlar bilan jamoani muborakbod etdi. Undan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan Boshqarma boshlig‘i Shuhrat Yoqubovga so‘z berildi. U o‘z tabrigida bu g‘alabalarning garovi o‘ziga xos tarixga ega ekani borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Keyin tadbirning kulminatsion nuqtasiga yetib kelindi. Ramziy tasmani qirqish va ulkan yutuq aks etgan bannerning namoyish etishlari uchun rektor B. Mirzayev va Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari R. Qarshiyevlar taklif etildi. Bannerda aks etgan yutuq belgisi va 547 raqamini ko‘rganimiz zahoti xursandlik va iftixor tuyg‘ulari gulduros qarsaklar bilan uyg‘unlashib ketdi.

Ushbu kun shubhasizki, tarixga muhrlanadigan sana sifatida yodda qolishi aniq. Barcha rasmga tushish asnosida mangulik muhri va mehrini bildirdi desak,  mubolag‘a bo‘lmaydi.

Universitet matbuot xizmati