Muzeylar – tarix tilsimoti, qadriyatlar beshigi
Muzeylar - qadimiy o’tmishimiz va milliy madaniyatimiz tarixi haqida jonli ma’lumot beruvchi, moziydan so’zlovchi bebaho maskan. 6-oktabr kuni “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti “Ekologiya va huquq” fakulteti 106-guruh talabalari fakultet tyutori X.Ro’zmetov boshchiligida Adiblar хiyobonida joylashgan “Toshkent muzeyi” ga tashrif buyurishdi. “O’zbekiston tarixi davlat muzeyi”ning filiali sifatida ish boshlagan mazkur muzeyda 2200 yildan ortiq tarixga ega Toshkentning Amaliy san’at, kundalik hayot va madaniyat shuningdek, diqqatga sazovor joylarning modellari joylashgan.
Ayniqsa, o’choq-tandirlari va supalari, ustunlarga osilgan bug’doy boshoqlari bilan fayzli o’zbek hovlilarining maketi talabalarda o’zgacha qiziqish uyg’otdi. Talabalar muzeydagi noyob eksponatlar bilan tanishar ekan, Toshkentning qadimiy kundalik hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlar va atroflicha taassurotlarga ega bo’ldilar.
“Ekologiya va huquq” fakulteti tyutori Xursandbek Ro’zmetov axboroti
Universitet matbuot xizmati