TIQXMMI yangiliklari

img
10.09.2022

Munosib taqdirlov tadbiri

Har qanday mamlakatning qiyofati, tuzum va tizimning mohiyati xalqqa bo‘lgan e’tibor bilan belgilanadi. Har qanday davlat fidoyi, intellektual salohiyatli, el-yurt manfaati yo‘lida xizmat qilgan zahmatkash, insonlar bilan  qudratlidir. Ularga mehrli munosabatni bildirish, o‘z sohasining rivoji bo‘yicha ulkan hissa qo‘shganlarni munosib taqdirlash muhim qadriyatimizdir. Davlat va hukumatimizning bu boradagi ehtiromli e’tirofi tahsinga sazovor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va OAV xodimlaridan bir guruhi mukofotlangani ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingandi.

Ular orasida «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim Kengashi sobiq raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining sobiq rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevichning ezgu nomlari hamda hozirda ham o‘z xizmatlari bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangan professor Usmanov Aziz Magdalievich va dotsent Usmonov Nail Qayumovichlarning nomlari borligi bizning iftixorimizdir.

Milliy tadqiqot universitetimizda ana shu munosabat bilan taqdirlov tadbiri o‘tkazildi. Universitet rektori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovich Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan nomlari qayd etilgan ustozlarning ulkan nishonlar bilan taqdirlangani ilm-fan va inson qadriga e’tiborning yorqin namunasi ekani ta’kidlandi.  So‘ngra rektorimiz tadbir moderatori sifatida O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Qalandarovich Abdurahmonovga so‘z berdi. Odil Abdurahmonov jamoani samimiy qutlash asnosida Prezidentimizning farmonlarini o‘qiy turib, ularning fan-ta’limga bo‘lgan e’tiborlari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyaning amaldagi ifodasi bilan uzviy bog‘liqligini uqtirdilar. So‘ngra sobiq rektorimiz, rahmatlik Umurzakov O‘ktam Pardaevichni o‘zlariga ham ustoz bo‘lganini, rektorlik vazifasini bajarganlarida ulardan ko‘plab maslahat, yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar olganlarini hurmat bilan tilga oldi. Keyin tantanali tarzda taqdirlash tadbiri o‘tkazildi, ordenlar va gullar egalariga taqdim etildi.

“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti dotsenti Usmonov Nail Qayumovich so‘zga chiqib taqdim etilgan yuksak mukofot uchun hukumatimizga minnatdorchilik bildirib, shu unvonga bir necha bor tavsiya etgan O‘ktam Pardaevich Umurzakovning ruhlari oldida ta’zim qildi.

Inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekistonning shukuhi borasida uning rivojiga munosib ulushini qo‘shish uchun jamoamiz ikki bor yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashi kerakligi tadbirda alohida ta’kidlandi. Tadbir nihoyasida o‘zlarining samimiy tilaklari bilan so‘zga chiqqan professorlar Abduhakim Salohiddinov, Ra’no Gazieva va Masharif Bakievlar ham shu xususda o‘z mulohazalarini aytib, universitet reytingini yanada mustahkamlash borasida fikr bildirdilar. Tadbir ko‘tarinki tarzda o‘z yakuniga yetdi.

 

            Rahimboy Jumaniyozov

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot kotibi