Muloqotchanlik kompetensiyalarini rivojlantirish treningi
Ta’lim jarayonida bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash, amaliy faoliyat samaradorligini oshirish, kasbiy hamda pedagogik ijodkorlikni rivojlantirishda tayanch, umumkasbiy va maxsus kompetensiyalar bilan bir qatorda muloqotchanlik kompetensiyalari va ularning didaktik tuzilmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Magistrlar rejalashtirilgan topshiriqlarni mustaqil bajara oladigan, noodatiy toshiriqlarni pedagogik va texnologik faoliyatda qo‘llay oladigan, nostandart muammoli vaziyatlarni hal eta oladigan hamda avval o‘zlashtirgan materialni ikkilamchi holatga ko‘chirish, ijodiy topshiriqlarni bajara olish kabi kasbiy-pedagogik ijodkorlik kompetensiyalariga ega mutaxassislar hisoblanadilar. Aynan shu masalalar doirasida universitetning “Professional ta’lim va jismoniy madaniyat” kafedrasining professor-o‘qituvchilari tomonidan tizimli ravishda tadbirlar va seminar-treninglar olib borilmoqda. Joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi “Psixologik ta’minlash” bo‘limi prokurori Yakubova Bibi-Maryamxon Abduxalimovna boshchiligida “Muloqotchanlik kompetensiyalarini shakllantirish” mavzusida magistrlar ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Treningdan asosiy maqsad ijodiy masalalar, mashqlar hamda muammoli vaziyatli topshiriqlarni bajarishda tinglovchilarning kreativ fikrlash faoliyatini faollashtirish, ilmiy darajada pedagogik, psixologik va texnik-texnologik tushunchalarni ta’lim olishga yo‘naltira olish hamda sog‘lom muhitni yaratish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdir.
Universitet matbuot xizmati