TIQXMMI yangiliklari

img
14.10.2023

Milliy qadriyatlar qadr topgan yurt

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy  tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova va 5-Talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi Sh.Islamovalar hamkorligida 1-Talabalar turar joyi  Gidrotexnika qurilishi fakulteti talaba qizlari ishtirokida “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Siz o'z huquqingizni bilasizmi?”, ”Qadriyatlarimizga zid bo'lgan udumlarning ma'naviyatimizga salbiy ta'siri”  mavzularida tadbir tashkil etildi. Tadbir ikki qism doirasida tashkil etildi. Tadbirning birinchi qismida millat davomchilari bo'lmish qizlarni ma'rifatli, ma'naviyatli, oqila va dono qilib tarbiyalash, ilmu ziyoli qilib voyaga yetkazish muhim masala ekani, zero, bugun ta'lim-tarbiya olayotgan qizlar millatning ertasini belgilashda asosiy hal qiluvchi rol o'ynashi, shu bois ham millatimiz azaldan qizlar tarbiyasiga, ularning odob-axloqiga, xulqiga, o'zini tutishi, yurish-turishiga alohida e'tibor qaratishi to'g'risida gapirib o'tildi.

Bugungi kunda ayollar va qizlarni har jihatdan himoya qilish, ularning huquq va  manfaatlarini ta'minlash, siyosiy, huquqiy, tibbiy va ijtimoy yo'nalishdagi huquqlarini yuzaga chiqarish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratib kelinayotgani, bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, xotin-qizlarimizga turli imtiyozlar taqdim etilib, qulayliklar yaratilgani, masalan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining  2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida qizlarni har tomonlama yetuk, yuksak axloqli, bilimli va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilab berilgani, shu o'rinda ta'kidlash joizki, BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 11 oktabr — “Xalqaro qizlar kuni” deb e'lon qilingani to'g'risida ma'lumotlar berildi. Bu sana har yili jahon bo'ylab turli davlatlarda qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e'tibor qaratish maqsadida nishonlab kelinayotgani,

BMTga a'zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog'liq holatlarni o'rganilayotgani hamda  ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizdagi turli tashkilot va muassasalarda, ta'lim maskanlarida tadbirlar, uchrashuv va kechalar tashkil etilayotgani to'g'risida so'z yuritildi. Tadbir davomida qizlarga odob-axloq qoidalariga amal qilish, shuningdek, yoshlikdan puxta bilim olish, o'z haq-huquqlarini tanish hamda yurtimizda qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish haqida tushunchalar berildi va o'z navbatida, talaba qizlar ham bu borada o'z fikrlarini bildirdilar hamda Vatan, ona, tarbiya haqidagi she'rlarni o'qib berdilar. Tadbirning ikkinchi qismi to'y hashamlardagi dabdababozliklar, milliy urf odatlarimiz va qadriyatlarimizga zid bo'lgan udumlarning ma'naviyatimizga salbiy ta'siri haqida so'z olib borildi va talaba qizlarga mavzu yuzasidan keng tushunchalar berib o'tildi. Tadbir bahs va munozaralarga boy tarzda o'tkazildi. Barcha ishtirokchilar o'z fikr mulohazalarini bildirishib tadbirda faol qatnashishdi va yig'ilishdan boy taassurotlarga ega bo'lishgan holda, tadbir nihoyasiga yetdi. Talaba qizlarning taklif va istaklariga muvofiq keyingi tadbir “Stresslardan xalos bo'lish” mazusida o'kazilishiga kelishib olindi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati