TIQXMMI yangiliklari

img
30.09.2023

Milliy libos – ma'naviyat ko'zgusi

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy  tadqiqot universiteti Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash fakulteti tyutori J.Sa'dullayev va universitet psixologi M.K. Muxamedovalar hamkorlikda Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash  fakulteti 1-kurs talaba qizlari bilan "Milliy liboslar – milliy qadriyatlar bezagi" mavzusida tadbir o'tkazishdi. Tadbir qizlarimiz qalbida milliy iftixor tuyg'ularini yuksaltirish, qadimiy urf-odat va an'analarga nisbatan hurmat va e'tibor uyg'otish, momolarimizga xos o'zbekona did va nafislik xususiyatlarini shakllantirish va keng targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi. Liboslar – har bir xalq tarixi bilan uzviy bog'liq bo'lib, u milliy o'ziga xoslikni aks ettiradi. Liboslar turli etnik belgilari bilan ham ajralib turadi.

Dunyo tarixida kiyim insoniyat taraqqiyotining eng qadim davrlarida, ya'ni 40-25 ming yil ilgari paydo bo'lgan bo'lib, ularda xalqning moddiy ahvoli, kishilarning didi, go'zallik va nafosatga bo'lgan intilishlari yaqqol namoyon bo'ladi. Mintaqamizdagi iqlim, shart-sharoit va ko'p yillik tarixga ega e'tiqodimiz asosida o'ziga xos milliy liboslarimiz shakllanib kelgan. Milliy liboslarimiz nafaqat millatimiz ko'rkini, balki ma'naviy mafkuralarimizni va dunyo tamaddunida tutgan o'rnimizni ham namoyon etadi. Bugungi kunda mana shu uzoq tarixni bosib o'tgan, ajdodlarimiz mafkurasi va dunyoqarashi haqida so'zlaydigan milliy liboslarimizni saqlab qolish va targ'ib etish milliyligimizni saqlab qolish demakdir.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati