TIQXMMI yangiliklari

img
29.01.2024

“Mening sevimli kitobim”

Joiy yil 26 yanvar kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti iqtidorli kitobsevar talabalari bilan “Mening sevimli kitobim” mavzusida tanlovi o‘tkazildi. Tadbirni fakultet yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.Azimov talabalarga kitob haqida motivatsion nutqi bilan ochib berdi.

Inson tafakkurining rivojlanishida kitob va yozuv doimo xamroh bo‘lgan. Insoniyat yaratgan muomala vositalari ichida eng ishonchlisi, eng qulayi bu kitobdir. Kitob kishilarga insoniyat erishgan yutuqlarni bilish imkonini beradi. Shuning uchun kitob va kitobxonlikka bo‘lgan e’tibor bugunga kelib xar qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etib kelmoqda. 2019 yil 7 iyunda "O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi PQ-4354-sonli qarorining qabul qilinishi bo‘ldi.

Mamlakatimizda har yili "Kitobxonlik haftaligi" o‘tkazib kelinmoqda. "Kitob mutolaasi ma’naviy yetuklik kaliti" kabi bir qancha tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Aytish joizki, ushbu ma’naviy - ma’rifiy tadbirlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash, kitobga bo‘lgan ehtiyojini qondirish o‘z samaralarini berib bormoqda. Aytmoqchimanki, internet va boshqa vositalar jadal rivojlanayotganiga qaramay, insonning ong va tafakkurini charxlash, ma’naviy olamini boyitish, ezgulikni targ‘ib etishda bosma kitobning o‘rni beqiyos deb o‘ylayman. Binobarin, kitob asrlar davomida axborot saqlovchi eng samarali vosita vazifasini bajargan. Zero, kitob mutolaasi yosh kitobxonlar uchun ham yoshi kattalar uchun ham - qalb chirog‘i, tafakkur qanoti demakdir.

Sohibqiron Amir Temur so‘zlari bilan aytganda, "Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning-ilmu donishning asosidir". Hayotning yaratuvchi murabbiyidir. Kitob o‘qigan kitobxon insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘ri kenglik, oliy janob qadriyatlar, insonparvarlik, xalqparvarlik va vatanparvarlik mehrini yo‘qotmaydi deb bilaman.

Tadbirda Universitet psixologi M.Muxamedova, dekanining Xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi F.R.Yunusova, tyutorlari D.Xursandova va X.Saidovalar ishtirok etishdi.

Tadbirni fakultet Yoshlar ittifoqi yetkchisi M.Yuldashev olib bordi. Tadbirda talabalar o‘zlarining sevimli kitoblari haqida so‘zlab berishdi.

Tanlovda Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz” asari tahlil qilindi. Bu asar xalqimizning eng sevimli romani bo‘lib, unda muhabbat, o‘zaro insoniy munosabatlar va ishonch, vatanparvarlik g‘oyalari o‘z ifodasini topgan. Ushbu asar yuzasidan iborat savol-javoblar juda qiziqarli bo‘lib, bahs va muhokamalarga boy bo‘ldi. Tanlov yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni 107-guruh talabasi F.Mirzaxolov, 2-o‘rinni 109-guruh talabasi M.Akbaralieva, 3-o‘rinni 101-guruh talabasi M.Anvarovlar qo‘lga kiritishda. N.Eraliev va O.Abduraxmonov, M.Xamidova va T.Abduzoriovlar ham faol qatnashganliklari uchun taqdirlandilar. Tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alar va kitoblar topshirildi. Tadbir oxirida fakultet dekan o‘rinbosari A.I.Azimov so‘zga chiqib, talabalarga yana bir bor o‘zining kitobxonlik haqidagi kerakli tavsiyalarini berdi hamda taqdirlangan talabalarni tabrikladi.

GTQ fakulteti dekan o‘rinbosari  A.I.Azimov axboroti

Universitet matbuot xizmati