TIQXMMI yangiliklari

img
11.05.2022

Maktab o’quvchi va o’qituvchilari universitetimizda

2022 yilning 7 may kuni Nurafshon shahridagi 57-o’rta maktabning bir guruh o’quvchilari va ustozlari TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurishdi. Ularni "Gumanitar fanlar" kafedrasi jamoasi kutib oldi. Kafedra mudiri prof. Sh.M. O’ljayeva ularni dastlab kafedra jamoasi va xonalari bilan tanishtirdi. Kafedrada o’quvchilar bilan suhbat uyushtirildi.  Xususan, yoshlarga ibrat va namuna bo’lgan ulug’ ajdodlarimizning oltin merosi, Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati haqida talabalarga so’zlab berdi. Tarixiy xotirasi bor inson irodali inson. O’z tarixini yaxshi bilgan insonni hyech qanday vayronkor g’oyalar yenga olmaydi. Kafedra professor-o’qituvchilaridan dos. B. Mamadaminova, X. Botirova va boshqa ustozlar o’quvchilarni universitetimiz tarixi va yo’nalishlari bilan tanishtirdilar. O’quvchi yoshlar universitetimizning dekanatlari, ma’ruza zallari, laboratoriya xonalari, kutubxona va rektorat binosiga ham tashrif buyurdilar.  O’quvchilarga ingliz tili kafedrasi mudiri va ustozlari mahorat darsi o’tib berdilar.

O’quvchilarda universitetimiz yo’nalishlari katta qiziqish uyg’otdi va bu yerga kirish uchun nimalar qilish kerakligi haqidagi savollarga javoblar berildi. Yoshlar Abdulla Oripov muzeyiga ham tashrif buyurishdi.  Universitetimizdagi keng bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumotga ega bo’lishdi. Rektoratdagi universitetimiz maketi ham yoshlarda katta qiziqish uyg’otdi.  O’quvchilar universitetimizdagi faol ishchanlik muhiti, ustoz va talabalar o’zlarini tutishi,  katta ma’ruza zallaridagi dars jarayonlarini ham kuzatishdi. Bu kabi tadbirlar ta’lim sohasidagi siyosatni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun maktab ta’limi va oliy ta’lim mamlakatning ta’lim siyosatini ro’yobga chiqarish va yagona davlat siyosatini olib borishda o’zaro uyg’un bog’liqlikka ega bo’lishi kerak. Zero, Uchinchi Renessansning ildizlari avvalo maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, o’rta maxsus va oliy ta’limdan suv ichadi, uning asoslarini malakali mutaxassislar yaratadi. Ta’lim sohalarining o’zaro yaqinlashishi va  uzviyligi, aloqadorligi, kelgusida yoshlarning adaptasiyalashuvi va psixologik ko’nikmalari, aniq rejalari paydo bo’lishiga, avvaldan ikkilanmasdan qaysidir sohani tanlashiga turtki bo’ladi. Bu kabi tadbirlar doimo o’tkazib tarilishi maqsadga muvofiqdir.

Universitet matbuot xizmati