Konstitutsiyada yoshlarga berilgan imkoniyatlar
Bugun yurtimizda yoshlarni har jihatdan qoʼllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʼtarilib, yangilanayotgan Konstitutsiyada ham koʼplab soha va yoʼnalishlar qatorida yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik berilgan. Bugun “Yer resurslari va kadastr” fakulteti professor-oʼqituvchilari va talaba-yoshlar oʼrtasida oʼtkazilgan “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi targʼibotiga bagʼishlangan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya oʼzimizniki!” shiori hamda "Konstitutsiyada yoshlarga berilgan imkoniyatlar" mavzusida tadbir oʼtkazildi.
Tadbirni Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova ochib, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada alohida bir bobning oila, bolalar va yoshlar masalasiga bagʼishlangani, yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir oʼzgarish va yangilanishlar yoshlar vakillari tomonidan mamnuniyat bilan eʼtirof etilmoqdaligini aytdi. Soʼng soʼzni tadbir mehmoni Mirzo Ulugʼbek tumani Yoshlar ishlari agentligi boʼlimi xodimi D.Rasulovga berdi. D.Rasulov oʼz nutqida asosiy eʼtiborni “Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida yoshlarga oid qator normalar oʼz ifodasini topayotganiga qaratdi. Tadbirda qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan davlat oʼz zimmasiga yana bir masʼuliyatni olmoqda. U ham boʼlsa, davlat yoshlarni oʼz himoyasiga olishi masalasi. Yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga koʼra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʼbatlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʼligʼini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʼlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.
Oʼqish, munosib ish topish, oila qurish, uyli boʼlish masalasi har bir yoshni jiddiy oʼylantiradigan, qiynaydigan masalalardan boʼlib, bularning barini birdaniga hal qilish juda mushkul. Shu bois davlat endilikda bu kabi masalalarni oʼz zimmasiga olmoqda. Yaʼni, yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarning sifatli taʼlim olishi, ishga joylashishi, uy-joyga ega boʼlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda kechayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga befarq boʼlmasdan, umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chorlashdi.
"Yer resurslari va kadastr" ning Yoshlar bilan ishlash buyicha dekan muovini H.Eshova axboroti
Universitet matbuot xizmati