Ko‘chat - umid uchquni
Tabiat tana bo‘lsa, jamiyat jondir. Tan parvarishlanmasa, jon og‘riydi. Ko‘chat o‘tqazish ishiga safarbarlik yaxshilik nishonasi. Uni o‘tqazish umid uchqunidir. Uchqun alangalanmasdan so‘nib qolishi ham hech gap emas. Shunga monand holda, ko‘chatni qanday yo‘sinda, qaysi yerga o‘tqazish, parvarishlashgina unga umr baxsh etadi. Yerning namdorligi, iqlimiy muvozanat va muntazam sug‘orib turilishi maqsadga muvofiqdir. Davlatimiz rahbari "Yashil makon" dasturi inson salomatligiga daxldor muhim masala ekanini e’tirof eta turib hamisha harakatimizda sifat, samara va natija bo‘lishini talab etadilar.
Bugun ertalabdanoq, "Iqtisodiyot", "Gidromelioratsiya" va "Yer resurslari va kadastr" fakultetining yotoqxonalarda yashovchi talabalardan yuzga yaqini Yangi O’zbekiston bog‘i hududiga yaqin joyda universitetimiz uchun ajratilgan yerda ko‘chat o‘tqazish ishlarini jadallashtirib yuborishdi. Dastavval, 100 ta archa ko‘chati mashinadan tushirilib maxsus qazilgan chuqurchalar yoniga keltirildi. So‘ngra talaba va o‘qituvchilar ishga sho‘ng‘ib ketishdi. Biri chuqurchani kengaytirish ishi bilan, yana biri ip tortib tekislash bilan band bo‘lsa, boshqa biri archa ko‘chatlarini tikka ushlab turgani holda tuproq tortish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Matbuot kotibi esa jarayon va yutuqlar borasida intervyu berish bilan band bo‘ldi.
Shu payt O’rmon xo‘jaligidan keltirilgan, oyoqlari sellofan qog‘oz bilan o‘ralgan archalarga nazar tashlarkanman, ularga achinish tuyg‘usi bilan qarashga to‘g‘ri keldi. Go‘yoki ular shunday deya tilga kirayotgandek: "O’tgan yilgi ajdodlarimiz qani, ulardan birontasi ham qolmabdiku, bu chuqurchalar ham biz uchun qazilgan "go‘r"ga o‘xshayaptiku, oldin bu yerning toshlarini terib olib, bir tekis qilib 50 santimetr tuproq to‘kib keyin bizlarni o‘tqazsangizlar, suvni o‘z vaqtida berib tursangizlar gullab yashnardik. Aks holda, o‘tgan yilgidek bizning ham holimizga maymunlar yig‘laydi. Axir, aqalli hech bo‘lmasa sarflayotgan kuchingizga, xarajatingiz va mehnatingizga achinmaysizmi" - deyayotgandek go‘yo archalar.
Universitetimiz jamoasi o‘z missiyasini to‘la bajardi. Talaba va o‘qituvchilar shijoat bilan ishladi, ter to‘kishdi. Archalarning umri, nish urib qanot yoyishi o‘tqazganga emas, balki Yaratganga bog‘liq.
Universitet matbuot xizmati